Qahrabo nima?
Qahrabo sehrlimi? Qahrabo haqida ma'lumot, Qahrabo nima?
2 min
Bu nima?

Qadimgi davrlarda qahrabo sehrli kuchga ega deb ishonilgan. Qadimgi yunon va rimliklar qahrabo odamni sehr-jodu va kasalliklardan himoya qilishiga ishonib, ularni taqib yurgan. Qahraboning elektrlanish (elektr zaryadi olish) xususiyati sababli bunday sirli kuchga ega deb hisoblangan. Uning boʻlagi intensiv ravishda ishqalansa, elektr zaryadi paydo boʻladi va qogʻoz parchalari kabi yengil narsalarni oʻziga torta boshlaydi. Yunonlar qahraboni “elektron” deb atagan va undan “elektr” soʻzi paydo boʻlgan.

Qahrabo sariq rangdagi moʻrt va shaffof moddadir. Uni munchoq yoki mayda zeb-ziynat buyumlari uchun kesish juda qiyin, ammo bu modda marmar yoki shisha qattiqligiga ega emas. Juda qadim zamonda yer yuzida oʻsgan qaragʻaylardan allaqanday yopishqoq modda ajralib turgan. Asta-sekin yer yuzida uning katta miqdori toʻplangan va yer yuzasida oʻzgarishlar roʻy berganda, bu modda yer yoki suvostiga koʻmilgan. Millionlab yillar davomida u toshqotgan va biz hozir uchratadigan qahraboga aylangan. Qahrabo dastlab yumshoq, yopishqoq modda boʻlgani sababli unga koʻplab hasharotlar yopishib, ichiga tushib qolgan. Millionlab yillar oʻtib, qahrabo qotgandan soʻng undagi hasharotlar asl holatida saqlanib qolgan.

Bugungi kunda kechagina qahraboga tushgandek koʻrinishga ega chumoli va pashshalar bor qahrabo parchalarini topish mumkin. Oʻzidan qahrabo ajratgan qaragʻaylar asosan Boltiqboʻyi va Shimoliy dengiz mintaqalarida oʻsgan. Hozirgi vaqtda dengizlar joylashgan yer qobigʻining bu qismi asta-sekin choʻkkan. Qadimgi davrlarda qahrabo kuchli boʻronlar koʻtarilib, suv ularni qirgʻoqqa olib chiqqan joylarda topilgan. Hozirgi kunda qahrabo konlarda qazib olinmoqda. Garchi sakkiz kilogrammgacha boʻlgan katta boʻlaklar topilgan boʻlsa ham, u odatda kichik boʻlaklar holida uchraydi. Mazkur modda asosan mushtug, munchoq va kichik zeb-ziynat buyumlarini tayyorlash uchun ishlatiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!