20.02.2024
Tabiat — ajoyib novvoy. Yer qaʼrida uning ming yillar oldin erigan togʻ jinslarining koʻtarilgan ulkan massalari bilan qizdirilgan oʻchogʻi bor. Bu oʻchoqda u qizdirish va dahshatli bosim bilan ohaktoshni qattiq marmarga aylantirgan. Eng toza marmar oq rangga ega. Turli xil aralashmalar koʻpincha unga pushti, qizil, sariq yoki jigarrangni beradi yoxud unda toʻlqinli chiziqlar yoki dogʻlar hosil qiladi. Marmarga tushgan turli xil rangdagi kristallar quyosh nurida tovlanadi va porlaydi. Marmarning ayrim boʻlaklaridagi toshqotgan qoldiqlar unga qoʻshimcha joziba bagʻishlaydi.
Baʼzan sayqallanadigan va qurilishda ishlatiladigan boshqa toshlar ham marmar deb ataladi, masalan, granit, oniks va porfir. Biroq faqat tabiiy jarayonlar davomida kristall holatga oʻtgan ohaktosh haqiqiy marmar hisoblanadi. Marmar qazib olish uchun maxsus mashina tosh massivida 2—3 metr chuqurlikdagi va 18—24 metr uzunlikdagi bir qator kanal yoki yoriqlarni kesib chiqadi. Portlatishlardan foydalanish mumkin emas, chunki marmar parchalanishi yoki yoriqlar bilan qoplanishi mumkin. Keyin bloklar ulkan yuk koʻtarish qurilmalari yordamida ehtiyotkorlik bilan chiqarib olinadi. Ishlov berilmagan toshni kesish uchun ish paytida ustidan qumli suv quyiladigan tishsiz katta arra ishlatiladi. Poʻlat tigʻ va qumning ishqalanishi tufayli marmar palaxsasi tezda kerakli oʻlchamdagi boʻlaklarga boʻlinadi.
Baʼzan qattiq tigʻ oʻrniga simli arra ishlatiladi. Keyin marmar boʻlaklari dumaloq pardozlash moslamasiga joylashtirilib, harakatsiz oʻrnatiladi. Qumli suv aylanib turgan moslama ustiga oqib marmar yuzasini tekislaydi. Keyin marmar yuzasini silliqlash uchun u qoʻshimcha ravishda sayqallanadi. Yakuniy jilo berish uchun marmar yuzasiga qalay oksidi va oksalat kislotasi aralashmasi surtilib, jilolash gʻildiragi bilan amalga oshiriladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.