Nega olmos qimmatbaho tosh hisoblanadi?
Olmos nega bunchalik qadrlanadi? Olmos nima?
2 min
Bizning olam

Olmos nega bunchalik qadrlanadi? Albatta, olmos kamdan-kam uchraydi va kamyob narsa yuqori narxga ega boʻladi. Ammo kamyoblikning oʻzi kifoya qilmaydi. Bu narsa juda jozibali ham boʻlishi kerak va olmoslar haqiqatan ham juda chiroyli. Yorugʻlikni aks ettirish boʻyicha dunyoda hech narsa olmos bilan tenglasha olmaydi. Shuningdek, olmos bizga maʼlum boʻlgan eng qattiq moddadir. Ming yillar davomida oʻzgarmas holatda saqlana oladigan bu goʻzallik abadiy sevgi va sadoqat timsoliga aylangan. Olmos asl holida koʻrimsiz va chiroyli koʻrinishi uchun unga ishlov berilishi kerak.

Tabiatda olmoslar turli oʻlcham va shakllarda uchrab, juda koʻrimsiz boʻladi. Tajribali olmos sayqallovchi har bir toshni sinchkovlik bilan oʻrganib, uning goʻzalligini namoyon qilishning eng yaxshi usulini aniqlashi kerak. Baʼzan u tez aylanayotgan olmos changi bilan qoplangan disk bilan kesiladi. Olmosni sayqallash uchun faqatgina shunday asbobdan foydalanish mumkin. Koʻpgina olmoslar ikki qismga boʻlinib, har yarmi sayqallanib, ularga yumaloq shakl beriladi. Bu koʻrinishdagi olmos brilliant deb ataladi. Olmoslar butkul metalldan yasalgan olmos changi va moy qoplamali yuqori tezlikda aylanadigan chambarak yordamida sayqallanadi.

Brilliant qirralari simmetrik tarzda tarashlanib, ular soni 58 ta boʻladi. Qirralar soni qanchalik koʻp boʻlsa, brilliant shunchalik toblanadi. Olmos sayqallovchilar tarashlashning kaboshon, baget, markiza kabi bir qator turlarini ixtiro qilgan. Zargarlik buyumlarida ishlatiladigan olmoslar rang va sifat jihatidan bir-biridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Baʼzi ranglar boshqalariga qaraganda kamroq uchraydi. Qizgʻish yoki moviy rangga ega, shuningdek, shaffof va rangsiz olmoslar eng qimmatlilari hisoblanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!