20.02.2024
Odamzod misni oltindan tashqari barcha boshqa metallardan oldin kashf etgan. Mis tarixdan ilgarigi davrlarda ham tosh davri odamlari tomonidan ishlatilgan. Mis ancha sof — aralashmalarsiz va metall zarralar shaklida uchraydi. Balki odamlar birinchi marta bu eʼtiborni tortuvchi zarralarni chiroyli boʻlgani uchun yerdan koʻtarib olgan boʻlishi ham mumkin.
Soʻngra odamzod bu gʻalati qizgʻish toshga har qanday shakl berish mumkinligini bilib, katta kashfiyot qilgan. Bu qurol va pichoq yasashda toshni yoʻngandan koʻra osonroq usul edi. Odamlar qizil toshlarni eritib, undan kosa va koʻzalar yasash mumkinligini aniqlaganicha oradan ancha vaqt oʻtgan. Shundan keyin ular mis qazib olib, undan har xil asbob va idishlar yasashni boshlagan. Ming yillar davomida mis yagona ishlov beriladigan metall boʻlib qolgan, chunki oltin nafaqat juda kam, balki amaliy maqsadlar uchun juda yumshoq hamdir. Ehtimol, mis asboblar buyuk misr piramidalarini qurishda ham ishlatilgan boʻlishi mumkin.
Bronza (mis va qalay qotishmasi) kashf qilingach, yanada koʻproq mis qazib olish boshlangan. Ammo temir kashf etilgandan soʻng elektr davri kelguniga qadar mis oz miqdorda, asosan sivilizatsiyaning past bosqichidagi xalqlar tomonidan ishlatilgan. Mis yaxshi elektr oʻtkazuvchi boʻlgani uchun u zamonaviy sanoatda keng qoʻllaniladi. Sof misni juda kam odam koʻrgan va uni uchratganda taniy olishi dargumon. Bu och pushti rangga ega yaltiroq kumushsimon modda boʻlib, havo bilan aloqa qilgan sari qizgʻish rangga kira boshlaydi. Biz odatda koʻradigan mis qizgʻish-jigarrang tusga ega. Bu metallning havo bilan oʻzaro taʼsiri natijasida hosil boʻlgan mis oksidining rangi.
Dunyodagi misning katta qismi boshqa moddalar bilan birgalikda uchraydi va ishlatishdan oldin uni ajratish kerak. Koʻpincha misning temir va mishyak bilan birikma hosil qiladigan oltingugurt dioksidi bilan birga boʻlgani uni tozalashni qiyinlashtiradi. Misning boshqa koʻplab metallardan koʻra koʻproq ishlatilayotganidan tashqari, yana boshqa afzalliklari ham bor. Yuqori mustahkamlikka ega boʻlishiga qaramay, u yetarlicha qayishqoq boʻlib, ishlov berish orqali uni choʻzish va har qanday shaklga keltirish mumkin. U issiqlikni ham elektr kabi juda yaxshi oʻtkazadi.
Misga oʻyib naqsh solish mumkin. Ammo uni sindirish oson emas. Bundan tashqari, uni boshqa metallar bilan birlashtirib, bronza va jez kabi qotishmalar hosil qilish mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.