20.02.2024
Magniy odamga maʼlum boʻlgan eng gʻaroyib metallardan biridir. U shunchalik yengilki, uning vazni alyuminiy ogʻirligining atigi uchdan ikki qismini tashkil qiladi. Magniy sanoatda ishlatiladigan eng yengil metalldir. Yengil vaznidan tashqari, magniy yana bir gʻayrioddiy xususiyatga ega. U yonishi mumkin. Magniy qirindisi yoki kukuni juda oson gurullab yonadi. Shunday boʻlsa ham, magniyning xususiyatlari boshqa metallarnikidan farq qilmaydi. U oqish-kumush yaltiroq rangda boʻlib, alyuminiydan biroz mustahkamroq va nam havoda tez korroziyaga uchraydi yoki yeyiladi. Uning mustahkamligini, qattiqligini va korroziyaga chidamliligini oshirish uchun magniy koʻpincha rux, marganes va alyuminiy bilan birga eritilib, qotishma hosil qilinadi.
Magniy qotishmalari keng qoʻllaniladi. Ulardan tunukataxta, plastina, quvur, toʻsin va simlar tayyorlanadi. Magniyning haddan tashqari yengilligi hisobiga, undan samolyot va boshqa tez harakatlanuvchi texnikani ishlab chiqarishda samarali foydalaniladi. Baʼzida metall yonuvchan xususiyati tufayli sof holda raketa, mushak, havoda iz qoldiradigan oʻqlarda ishlatiladi. Magniy tuzlari tibbiyot va kimyoda ham qoʻllaniladi. Achchiq tuz — magniy sulfat, magneziya shirasi esa magniy oksidining suspenziyasi. Bir vaqtlar magniy kimyoviy laboratoriyalarda shunchaki ovunchoq modda boʻlgan.
1808-yilda ser Xamfri Deyvi sof magniyni ololmagan boʻlsa ham, uning baʼzi xususiyatlarini aniqlay olgan. Asta-sekin olimlar bu gʻalati metall bilan ishlay boshlab, uni qanday qilib sof shaklda olishni va boshqa metallar bilan qotishmada ishlatishni bilib olgan. Birinchi magniy qotishmasini olish uchun deyarli yuz yil kerak boʻlgan. Magniy shunchalik yuqori kimyoviy faollikka egaki, u tabiatda erkin holatda uchramaydi. Ammo u boshqa elementlar bilan birikma holida yer qobigʻining ikki foizidan koʻpini tashkil qiladi.
Magniy tabiatda birikma holida uchraydigan boshqa minerallardan ajratish orqali olinadi. Bu asosan magnezit, dolomit, karnallit va tabiiy tuz eritmalaridir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.