20.02.2024
Yer qobigʻi — odamlar yuradigan va yashaydigan tuproq katta miqdordagi kremniydan iborat. Kremniy Yerdagi ikkinchi eng keng tarqalgan kimyoviy element boʻlib, u hech qachon erkin holatda uchramaydi. Bu uning doim yana bir yoki bir nechta element bilan birikma holida boʻlishini anglatadi. Kremniy karbonatlardan tashqari barcha togʻ jinslarining asosiy elementidir. Masalan, loy tarkibida oʻrtacha 50 foiz kremniy bor va siz koʻrgan toshlarning aksariyati ham xuddi shu miqdordagi kremniyga ega ekanligiga shubha qilmasangiz ham boʻladi.
Kremniy yulduz va hatto oʻsimliklarda ham topilgan. Dunyodagi eng katta kremniy miqdori kislorod va kremniydan tashkil topgan kremniy dioksidida. Kvars, yashma, opal, qum — bularning barchasi kremniy dioksidi turlari. Qadimda odamlar kremniy dioksididan shisha tayyorlashda foydalangan. Kremniy ikki xil — kristall va kukun shaklida mavjud. Sof kremniy keng qoʻllanmaydi, shuning uchun u kamdan-kam hollarda ishlab chiqariladi. Lekin turli xil kremniy birikmalari koʻplab sohalarda qoʻllaniladi. Qum koks bilan birlashganda odatda karborund deb ataladigan kremniy karbidi hosil boʻladi. Bu juda qattiq modda boʻlib, metallarni silliqlash va jilolash uchun ishlatiladi.
Shuningdek, kremniy poʻlatga ham qoʻshiladi, chunki u poʻlatga koʻplab foydali xususiyatlar beradi. Poʻlat tarkibida 2 dan 6 foizgacha kremniy boʻlishi mumkin. Poʻlat kimyoviy uskunalar ishlab chiqarishda ishlatilganda, unga 6 foiz kremniy qoʻshiladi va natijada u boshqa har qanday poʻlatga qaraganda korroziyaga ancha chidamli boʻladi. Tarkibida 2 foiz kremniy boʻlgan poʻlat elektr jihozlari uchun ayni muddaodir. Chunki bunday poʻlatni magnitlash uchun kamroq energiya kerak boʻladi. Kremniyli birikmalar kimyo sanoatidagi turli xil ehtiyojlar uchun ham keng qoʻllaniladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.