O‘simliklar qanday paydo bo‘lgan?

Yerda umuman oʻsimliklar boʻlmagan davr boʻlganmi? Ilmiy nazariyalarga koʻra — ha. Oʻshanda, yuz millionlab yillar oldin Yerda protoplazmaning mayda zarralari paydo boʻlgan. Protoplazma bu — oʻsimliklarda ham, hayvonlarda ham mavjud boʻlgan tirik materiyaning nomi. Olimlarning fikriga koʻra, protoplazmaning bu ilk zarralari barcha oʻsimlik va hayvonlarning ibtidosi boʻlgan. Oʻsimliklarni hosil qilgan protoplazma zarralarida qalin qobiqlar paydo boʻlib, ular bir joyda toʻplana boshlagan. Shuningdek, ularda havo, suv va tuproqda boʻlgan moddalardan oziqlanishga imkon beradigan yashil modda — xlorofill shakllangan. Bu qadimgi yashil oʻsimliklar faqat bitta hujayradan iborat boʻlgan, lekin keyinchalik ular hujayralar guruhlarini hosil qilgan. Ular qurib qolishdan himoyalanmaganligi sababli suvda qolishi kerak boʻlgan.

Bu birinchi oʻsimliklarning ayrim avlodlari baʼzi oʻzgarishlarga duch kelgan boʻlsa ham bugungi kungacha saqlanib qolgan. Biz ularni suv oʻtlari deb ataymiz. Oziqlanishi uchun xlorofill kerak boʻlmagan oʻsimliklar guruhi ham rivojlangan. Yashil boʻlmagan oʻsimliklar zamburugʻlar deb ataladi va bakteriya, achitqi, mogʻorlarni oʻz ichiga oladi. Yerdagi hozirgi oʻsimliklarning aksariyati suv oʻtlaridan kelib chiqqan. Ulardan baʼzilari dengizdan chiqib kelgan va yerga oʻrnashishga yordam beruvchi ildizlari rivojlangan. Shuningdek, ularda qurishdan himoya qiluvchi tashqi qoplamali kichik yaproqlar paydo boʻlgan. Mox va paporotniklar shu oʻsimliklardan kelib chiqqan.

Deyarli barcha qadimgi oʻsimliklar hujayralar boʻlinishi (bakteriya yoki achitqilar kabi) yoki sporalar orqali koʻpaygan. Sporalar — urugʻlarga va changga oʻxshash mayda, ammo urugʻlardan farqli oʻlaroq tarkibida ozuqaviy zaxiralar mavjud boʻlmagan hujayralar. Vaqt oʻtib baʼzi oʻsimliklarda gullar hosil boʻlib, ulardan haqiqiy urugʻlar paydo boʻlgan. Endilikda biz oʻsimliklarning rivojlanishini juda yaxshi bilib oldik. Urugʻli oʻsimliklarning ikki xil — himoyalangan va himoyalanmagan urugʻli turi paydo boʻlgan. Ushbu turlarning har biri keyinchalik juda ham farqli yoʻnalishlarda rivojlangan.

Shunday qilib, biz oʻsimliklarning protoplazma ilk zarralaridan tortib, bugungi oʻsimliklarga qadar boʻlgan yoʻlini koʻrib chiqdik. Hech boʻlmaganda, zamonaviy botaniklarning nazariyasi shunday.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!