20.02.2024
Yevropa va Qoʻshma Shtatlardagi millionlab uylarda Rojdestvo bayramiga omela¹ osib qoʻyiladi. Qizigʻi shundaki, bayram va tantanali kunlarda omeladan foydalanish qadimgi davrlarga borib taqaladi. Rimliklar Britaniya va Galliyani (hozirgi Fransiya) zabt etganda, u yerda keltlar deb nomlanuvchi xalqqa duch kelgan. Keltlar druidlar² deb nomlangan kohinlar rahbarligida qatʼiy uyushgan xalq boʻlgan.
Druidlar inson ruhi boqiy deb taʼlimot bergan. Ularning koʻpgina marosimlari daraxtlarni ilohiylashtirish bilan bogʻliq boʻlib, daraxtda oʻsadigan hamma narsa samodan berilgan tortiq deb hisoblangan. Bu eng muqaddas “hadyalar” orasida omela ham boʻlgan. Yovuz ruhlardan himoya qilishi uchun druidlar omelani oltin pichoq bilan kesib olib, uyning kirish qismiga osib qoʻygan. Ularning fikriga koʻra, faqatgina baxt omela ostidan oʻtishi mumkin boʻlgan.
Omela skandinaviyaliklar orasida ham omad ramzi hisoblangan. Qishki bayramlar paytida uni yigʻib, har bir oilaga uyining kirish joyiga osib qoʻyishi uchun bu novdalardan berilgan. Bu oilani yovuz ruhlardan himoya qiladi deb hisoblangan. Omelaning muqaddas deb hisoblanishining sabablaridan biri — uning yerda ildizi boʻlmasligidir. U boshqa daraxtlarning shoxlarida oʻsadi. Urug‘dan endigina unib chiqqan yosh omeladan oʻsiq chiqib, oʻzi tushgan novdaning qobigʻini teshib unga joylashadi.
Qobiqni teshib oʻtib, daraxtning oʻziga yetib olgach, ular oʻsishni davom ettirib, daraxtdagi namlik va ozuqa moddalarining bir qismini oʻzlashtira boshlaydi. Ushbu moddalar, namlik yosh omelani oziqlantiradi va u boshqa oʻsimliklar singari oʻsa boshlaydi. Koʻrib turganingizdek, omela va tuproq oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliqlik yoʻq. Omela bunga muhtoj ham emas!
Baʼzida omela shunchalik gurkirab oʻsadiki, u oʻziga hayot inʼom etgan daraxtni nobud qiladi. Omela Yevropa, AQShning koʻplab joylaridagi eman va boshqa daraxtlarda oʻsadi. Qushlar unda oʻsadigan rezavorlarni yoqtiradi. Ular bu rezavorlarni choʻqiganida, yopishqoq urugʻlar qushlarning tumshugʻiga yopishib qoladi. Ulardan qutulish uchun qushlar tumshugʻini boshqa daraxtlarga surtadi va shu tarzda urugʻlarni tarqatadi.
[1] Omela — daraxtlarga yopishib yashaydigan, doim yashil buta.
[2] Druidlar — qadimgi kelt xalqlari orasida yopiq shakldagi, ammo nasldan naslga meros boʻlib oʻtmaydigan kohinlar tabaqasi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.