20.02.2024
Oʻrmon sanoati Amerikadagi eng qadimgi sohalardan biridir. 1000-yillarda Shimoliy Amerikaga tashrif buyurgani taxmin qilinadigan Leyf Eriksonning Yangi dunyodan yogʻoch yuk bilan qaytgani haqida afsonalar mavjud. Jeymstaun koloniyasidan Angliyaga olib kelingan birinchi mahsulotlardan biri Virginiya oʻrmonlarining yogʻochi boʻlgani maʼlum. Daraxtning koʻpgina turlari qurilish va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. “Eng yumshoq” turlarga qaragʻay, pixta, suga, archa, oqqaragʻay, sarv va qizil daraxt kiradi. Mebel ishlab chiqarish va pol uchun ishlatiladigan “qattiq” daraxt turlariga esa eman, saqich daraxti, chinor, terak va yongʻoq kiradi.
Daraxt kesilganidan soʻng uning barcha novdalari chopib tashlanib, xodaga aylantiriladi. Soʻngra xoda tortib yoki daryoda oqizib taxta tilish zavodiga olib kelinadi. Bu yerga tushgan xoda uzunligi boʻylab ikki yoki undan ortiq qismga kesilishi mumkin. Keyin boʻlingan xoda boʻlagi aravachaga tushadi va transportyorga oʻtadi. Xoda puxta mahkamlanadi, aravacha esa transportyorning bosh tomoniga qarab harakatlanadi. Xoda uni uzunasiga kesadigan arraga borib taqaladi. Bu xoda kerakli qalinlikdagi bir nechta taxtalarga kesilmaguncha davom etadi.
Keyin bu taxtalarning qirralari kesilib, randalanadi va saralanadi. Endi ular ishlatilishdan oldin quritilishi kerak. Buning sababi shundaki, yangi kesilgan taxtalarning uchdan ikki qismini suv tashkil qiladi. Agar bu yogʻoch darhol ishlatilsa, u qurib qiyshayadi va yoriladi. Ayrim yogʻochlar ochiq havoda dastalab quritiladi va bunga bir oydan bir yilgacha, ba’zan bundan ham koʻproq vaqt talab qilishi mumkin.
Ammo bu quritish usulidan soʻng taxtada baribir 15—20 foiz namlik qoladi. Yana bir boshqa usulda taxtalar isitiladigan quritkichga joylashtiriladi. Bu yerda yogʻoch ikki kundan ikki haftagacha quriydi, namlik miqdori esa juda past darajaga tushadi. Pol va mebel uchun foydalaniladigan yogʻoch iloji boricha quruq boʻlishi kerak, lekin koʻpchilik mahsulotlar uchun 15 foizlik namlik normal hisoblanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.