20.02.2024
AQSh boʻylab sayohat qilib, hamma joyda juda koʻplab oʻrmonlarni koʻrgan har bir kishida: nega mamlakat daraxtni himoya qilish uchun bu qadar xavotirda, axir oʻrmon va daraxtlar kammi, degan savol tugʻilishi mumkin. Darhaqiqat, Qoʻshma Shtatlarning taxminan uchdan bir qismini oʻrmonlar egallaydi. Bu 250 000 000 gektardan ortiq maydonni tashkil etadi. Oʻrmonlar haqida qaygʻurish mamlakat kelajagi uchun eng muhim boʻlgan vazifalardan biridir. Bunga Buyuk Britaniyada ham, boshqa mamlakatlarda ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Birinchidan, oʻrmondan qancha narsa olishimizni tasavvur qiling. Meva, yongʻoq, shakar bu — oʻrmon mahsulotlarining faqat bir qismi xolos. Uy, mebel, qayiq — bularning barchasi yogʻochdan yasaladi. Qogʻoz, mato, oʻyinchoqlar — roʻyxat cheksiz boʻlishi mumkin.
Ikkinchidan, oʻrmonlar toshqin xavfini kamaytirib, suv resurslarini tartibga solishga yordam beradi. Yaxshi oʻrmonning tuprogʻi sergʻovak boʻlib, u kuchli yomgʻirdan keyingi yoki eriyotgan qorning suvini osongina shimib oladi. Agar bu suv asta-sekin tuproqqa singib ketmaganida, u toshqin va tuproq eroziyasiga olib kelishi mumkin. Su bilan bir qatorda, oʻrmonlar millionlab odamlar uchun yaxshi dam olish imkoniyatini beradi. Oʻrmonlar haqida qaygʻurish oʻrmonshunoslik deb ataladi va baʼzi Yevropa mamlakatlarida bu bilan yuzlab yillardan beri shugʻullanishadi.
400 yildan koʻproq vaqt oldin Angliyada oʻrmonlarni kesishni tartibga soluvchi qonunlar chiqarila boshlandi, XVIII asrga kelib esa Angliya ekish uchun boshqa mamlakatlardan daraxtlar sotib olishni boshladi. Koʻpgina oʻrmonlarda qarigan daraxtlarni olib tashlash kerak. Aks holda eski daraxtlar yosh, tez oʻsadigan daraxtlar uchun zarur boʻlgan barcha joylarni egallaydi. Bundan tashqari, kesilmagan eski daraxtlar oxir-oqibat chiriy boshlaydi va foydasiz boʻlib qoladi.
Baʼzi joylardagi daraxtlar kesilganidan soʻng boʻsh joyga koʻpincha koʻchatlar qoʻlda ekiladi. Biroq koʻp joylarda oʻrmonlarni tiklash bilan tabiatning oʻzi shugʻullanadi. Ammo kesilgan daraxtlar oʻrnida kerakli turdagi yosh daraxtlarning yaxshi oʻsishi uchun katta kuch va tajriba talab etiladi. Shuning uchun oʻrmonshunoslik fanga aylandi.
Eng katta oʻrmon zaxiralariga ega mamlakat Qoʻshma Shtatlar emas, balki Rossiya hisoblanadi. Ikkinchi oʻrinda Braziliya, uchinchi oʻrinda Kanada, AQSh esa faqat toʻrtinchi oʻrinda. Barcha choralar koʻrilganiga qaramay, Qoʻshma Shtatlarda har yili 200 000 ga yaqin oʻrmon yongʻinlari sodir boʻlishini bilasizmi?
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.