O‘simliklarni payvandlash nima?
O'simliklarni payvandlash nega muhim?
2 min
Bu nima?

Har qanday daraxt boshqa turdagi daraxtning mevasini bera oladimi? Ha! Payvanlash tufayli buning imkoni bor. Agar nok daraxti novdasidagi kurtak behi poʻstlogʻidagi yoriqqa ehtiyotkorlik bilan joylashtirilsa, u yerdan nok novdasi oʻsib chiqadi. Behi bir vaqtning oʻzida ham nok, ham behi beradi. Xuddi shunday, bodom daraxtidan ham shaftoli, ham bodom mevasini olish mumkin. Yovvoyi olma daraxtida ajoyib bogʻ olmalarini yetishtirish mumkin.

Baʼzida payvandlashdan manzarali daraxt va butalarni olish uchun foydalaniladi, ammo baribir qishloq xoʻjaligi uchun muhim ahamiyatga ega. Payvandlashning birinchi afzalligi shundaki, u bogʻbonga yosh daraxt yoki buta oʻzi olingan daraxt bilan ayni sifatdagi va kam boʻlmagan miqdorda meva berishiga ishonch beradi. Payvandlash uchun olinib, boshqa daraxtga payvand qilingan novda oʻzi olingan daraxtdagi kabi meva beradi.

Novdalarni boshqa oʻsimlik kurtaklari yoki qalamchalari bilan payvandlashning koʻplab usullari mavjud. Lekin ikkita qoidaga, albatta, rioya qilinishi kerak. Birinchidan, faqat “qarindosh” (oʻxshash) daraxt yoki butalar payvand qilinishi mumkin. Bu olma nok yoki behiga, shaftoli esa oʻrik, bodom, olxoʻri yoki boshqa danakli meva daraxtlarga payvand qilinishi mumkinligini anglatadi. Lekin olma qalamchasini shaftoli daraxtiga payvand qilib boʻlmaydi. Ikkinchi qoidaga koʻra, qalamchaning hayot uchun zarur sharbatlari oʻtadigan kambiy¹ qatlami u payvand qilingan novdaning kambiyi bilan tutashishi kerak. Aks holda payvandlangan novda oʻsmaydi.

Payvandlashning turli xil usullari mavjud. Bu poʻstloq ostiga alohida kurtakni kiritish ham, poʻstloqdagi keng yoriqlarni davolash uchun unga uzun novdalarni payvand qilish ham boʻlishi mumkin. Eng qizigʻi, payvand qilishning hayvonlarga nisbatan ham qoʻllanishidir. Masalan, qurbaqa, baqa, kalamush va quyon kabi hayvonlarning koʻzini koʻchirib oʻtkazish mumkin. Jarrohlar bunday tajribalar orqali jarohatlangan yoki nogiron odamlarga yordam berishni oʻrganadi. Yangi burun hosil qilish uchun qovurgʻadan olingan suyak burun suyagiga payvandlanadi, chandiqlardan xalos qilish uchun esa teri kuygan toʻqimalar oʻrniga koʻchiriladi.


[1] Kambiy — oʻsimlik poʻstogʻi ostidagi boʻlinuvchan hujayralardan iborat toʻqima. Kambiy oʻsimlikni eniga oʻstiradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!