Po‘kak nega cho‘kmaydi?

Baliq oviga ketayotgan bolakay qarmogʻidagi poʻkak suvda nega choʻmasligi haqida hatto oʻylab ham koʻrmaydi. Ammo poʻkakning choʻkmaslik qobiliyati qadim zamonlardan beri maʼlum boʻlgan va undan yasalgan qutqarish moslamalari ming yillar oldin ham ishlatilgan. Poʻkak suvdan ancha yengilroq. Buning sababi shundaki, suv uning havo bilan toʻldirilgan hujayralariga kirmaydi. Bu poʻkakni suv singishidan va uning choʻkishidan himoya qiladi. Poʻkak — poʻkakbop eman daraxti poʻstlogʻining tashqi qismi. Poʻkakning uchdan ikki qismi poʻkakbop eman yetishtiriladigan Portugaliya va Ispaniyada ishlab chiqariladi.

Poʻkakbop eman 6—12 metr balandlikkacha oʻsib, qalinligi 1 metrga yetadi. Daraxtning poʻstlogʻi birinchi marta u yigirma yoshga “toʻlganida” shilib olinadi. Bu daraxtga zarar yetkazib, uni nobud qilmaydi, aksincha, unga foyda keltiradi. Taxminan toʻqqiz yil oʻtgach, poʻstloq yana shilib olinadi. Ikki martada olingan poʻkak dagʻal va gʻadir-budur boʻladi. Keyinchalik, taxminan yuz yil davomida, har toʻqqiz yilda bir shilib olinadigan poʻstloqdan yuqori sifatli poʻkak olinadi. Shilib olingan poʻstloq bir necha hafta quritilgandan soʻng uni yumshatish va tanin kislotasini yoʻqotish uchun qaynatiladi.

Qaynatilgan poʻkak tekislab yoyiladi, quritiladi va dunyoning barcha mamlakatlariga joʻnatish uchun qadoqlanadi. Poʻkak xomashyosining ikki turi mavjud va ulardan biri poʻkakbop daraxt deb ataladi. Bu xomashyo shisha tiqini, qarmoq poʻkagi, qutqaruv nimchalarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Poʻkak xomashyosining yana bir turi tuyilgan (yanchilgan) poʻkak deb ataladi. U yanchilib, maʼlum bogʻlovchi materiallar bilan birga pishiriladi. Bunday materialdan quvurlar uchun qoplama, poyabzal tagcharmi uchun toʻldiruvchi modda, avtomobil qistirmalari, shuningdek, shisha qopqoqlari uchun astarlar (tagliklar) tayyorlanadi. Poʻkak qoʻllanadigan asosiy yoʻnalishlardan biri bu — binolarning shovqin izolyatsiyasi, omborlar, sovutish xonalari va muzlatkichlarni izolyatsiya qilish.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!