20.02.2024
Koʻpchilik palmani manzarali daraxt deb hisoblaydi. Rasmlarda bu ulugʻvor daraxtlar baʼzi shahar koʻchalariga koʻrk berib turganini yoki tropik plyajlar yaqinida oʻsayotganini koʻrganmiz. Aslida, palmaning toʻrt mingga yaqin turi boʻlib, ular orasida odamlarga katta foyda keltiradiganlari ham bor. Ularning mevasi, poyasi va mayin barglari odamlarni oziq-ovqat bilan taʼminlaydi. Bargi, novdasi va poyalardan mustahkam yogʻoch olish, tom yopish, hassa va arqonlar tayyorlashda foydalaniladi. Poʻstlogʻi va barglari boʻyra, qogʻoz, mato, savat, shlyapa va choʻtka tayyorlash uchun ishlatiladi.
Fil palmasi yongʻoqlaridan tugmalar yasaladi. Baʼzi palma turlari sharbatidan shakar, sharob yoki asal olinadi. Koʻpgina palma daraxtlari bir xil shaklga ega. Ularning shoxsiz tekis va ingichka poyasi tepasida bir dasta barglari bor. Ayrimlari tarvaqaylab ketgan poyalarga ega va ulardan kamida bittasi chirmashib ketgan lianalarni eslatadi. Ularning balandligi bir necha santimetrdan 23 metrgacha yetadi.
Barcha palmalarning umumiy jihati — barglarining kaftga oʻxshashligi. Yaltiroq va qalin barglar yelpigʻich yoki patni eslatadi. Ularning kengligi bir necha santimetrdan 3 metrgacha, uzunligi esa 9 metrgacha etadi. Mevalarining kattaligi noʻxatdek yoki kokos palmasiniki kabi futbol toʻpi oʻlchamiga yetishi mumkin. Ular xurmo palmasiniki kabi yumshoq yoki daraxt qobiqqa ega boʻlishi mumkin. Palmalar AQShning janubi, Meksika, Janubiy Amerika, Osiyo, Afrika va Yevropaning janubida oʻsadi. Tinch okeanining tropik orollarida palma daraxtlari hamma joyda oʻsadi.
Ayrim palma turlari quruq choʻl qumlarida oʻssa, boshqalari unumdor va nam tuproqni talab qiladi. Palma daraxtlari asosan tropikda oʻssa ham, shimoliy And togʻlarida 3960 metr balandlikda oʻsadigan bitta nav bor. Xilma-xil palma daraxtlari orasida yogʻli, sago, palmira, karam, (Avstraliyada oʻsadi), tugma, gulbarg va kokos palmalarini sanab oʻtish mumkin. Savat tayyorlash uchun ishlatiladigan rafiya malagasiya palmasidan olinadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.