Anor nima?
Anor haqida ma'lumot, Anor nima?
2 min
Bu nima?

Anor tarixi juda qiziqarli. Qadimgi yunon afsonasida aytilishicha, Persefona Aid¹ saltanatida taʼtib koʻrgan meva aynan anor ekan. U anorning oltita donachasini yegani uchun har yilning olti oyini yerosti saltanatida oʻtkazishi kerak boʻlgan. Yunonlar uchun sersuv va serurugʻ anor har doim zulmat kuchlarining timsoli boʻlgan. Xitoyda esa u hosildorlik ramzi hisoblangan.

Injilda yozilishicha, shoh Sulaymonning anor bogʻi boʻlgan. Isroilliklar choʻllarda darbadarlikda yurganida, xuddi Misrdaligi payti singari juda anor yeyishni istashgan. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) esa izdoshlariga: “Anor isteʼmol qiling, chunki u qalbni hasad va nafratdan tozalaydi”, deb maslahat bergan. Demak, qadimgi davrlarda Sharqda anorga katta ahamiyat berilgan. U Forsdan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi, ammo eng qadimgi davrlardan boshlab Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika va Janubiy Yevropaning iliq mamlakatlarida oʻsgan. Hozirda anor Janubiy va Markaziy Amerika hamda Qoʻshma Shtatlarda keng tarqalgan.

Anor boʻyi 1,5–6 metrga yetadigan butada oʻsadi. Uning barglari yaltiroq boʻlib, ingichka novdalarning uchida qip-qizil rangli, mumsimon gullar gullaydi. Mevasining oʻlchami taxminan apelsin mevasi bilan bir xil kattalikda boʻladi. U biroz qizgʻish, toʻq sariq rangdagi qattiq poʻstga ega. Bu poʻstloq tagida bir talay mayda donachalar mavjud. Koʻpincha salqin ichimliklar tayyorlashda ishlatiladigan bu donachalar shirin, qizil, sersuv massa bilan qoplangan. Bu sharbat, ayniqsa, issiq va quruq oʻlkalarda yashovchi kishilar uchun ayni muddaodir. Anorning koʻp navlari bor.

700 yildan koʻproq vaqt oldin bir mavr oʻsha paytda Ispaniyada oʻsgan 10 xil navni tasvirlab bergan. Qoʻshma Shtatlarda asosan uchta nav yetishtiriladi. Ularning nomlari “Ajoyib”, “Peyper Shell” va “Ispan yoquti”.


[1] Aid — qadimgi yunon mifologiyasida yerosti saltanatining oliy maʼbudi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!