Okean chuqurligi qanday o‘lchanadi?

Dengizni oʻrganadigan olimlar okeanograflar deb ataladi. Okean qaʼri qorongʻi va sovuq boʻlgani uchun olimlar u haqida unchalik koʻp narsa bilmaydi. Okean tubining baʼzi qismlari faqat suvosti tadqiqot kemalari illyuminatorlari va dengiz tubini oʻrganish uchun maxsus yaratilgan batiskaflarning okulyarlari orqali oʻrganilgan, ammo bu maʼlumotlar hali ham yetarli emas. Okeanograflarni qiziqtirgan masalalardan biri bu — okeanning chuqurligi. Uni oʻlchash “chuqurlikni tinglash” deb ataladi.

Qadimda oʻlchov yuk bogʻlangan chilvirni suvga tushirish orqali amalga oshirilgan. Keyinchalik buning uchun fortepiano torlariga oʻxshash juda ingichka sim ishlatila boshlangan. Hozirgi kunda olimlar exolot (dengiz chuqurligini elektroakustik usul bilan oʻlchaydigan asbob) deb ataladigan ixtiro yordamida okean tubining chuqurligi haqida aniqroq tasavvurga ega boʻlishi mumkin. Unda okean tubini oʻrganish uchun aks-sadodan foydalaniladi. Kema bortiga oʻrnatilgan qurilma tovushli signal yuboradi. Tovush suv qatlami orqali sekundiga bir mil tezlikda oʻtadi. U okean tubidan aks etib, qaytish paytida maxsus qurilma bilan ilgʻab olinadi.

Okean qanchalik chuqur boʻlsa, aks-sadoning kemaga qaytib kelishi uchun koʻproq vaqt kerak boʻladi. Zamonaviy exolot okean qaʼriga ultratovush toʻlqinlarni yuboradi. Keyin qurilmalar aks-sadoni maxsus qogʻozga qora chiziq koʻrinishida qayd etadi. Odatda, bu qogʻoz ushbu belgilarni dengiz sarjinida (1,8 metrga teng) talqin qiladi. Exolot yordamida dengiz chuqurligini qiyinchiliksiz aniqlash mumkin. Lekin qurilmaning imkoniyatlari faqat bu bilan cheklanmaydi. Kema harakatlanayotganda dengiz qaʼrining har bir necha metrini tinglab, kema ostidagi dengiz tubi haqida batafsil maʼlumot olish mumkin.

Kema suvosti kemasi ustidan oʻtganida, exolot uning aniq shaklini qayd etadi. Agar dengiz tubi tekis boʻlsa, exolot uni xuddi shu tarzda tasvirlaydi. Exolot hatto balandligi bir metrdan kam boʻlgan kichik notekisliklarni ham eʼtibordan chetda qoldirmaydi!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!