Radioastronomiya nima?

1931-yilda Bell Laboratoriesʼning aloqa muhandisi okeanlararo telefon aloqasiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan atmosferadagi radio shovqinlarini oʻrganayotgan edi. U yomgʻirli bulutlardan emas, balki koinotning allaqayeridan kelayotgan ayrim shovqinlarni ilgʻagan. U galaktikaning radiatsiya nurlanishini qabul qilish mumkinligini kashf etgan. Shu tarzda astronomiyaning yangi tarmogʻi — radioastronomiya paydo boʻlgan. Radioastronomiya ikki yoʻnalishda rivojlandi. Maxsus antennalar yordamida kosmik jismlarning radiatsiya nurlanishini aniqlash mumkin. Bu termal nurlanish (har qanday issiq jism chiqaradigan radiotoʻlqinlarning taralishi) boʻlishi mumkin. Ammo koinotdan kelayotgan boʻlsa-da, umuman termal boʻlmagan statik shovqinlar ham mavjud. Radioastronomiyaning yana bir yoʻnalishi — meteorlar va Oy kabi obyektlarga signallar yuborib, ularning aksini tutib olish. Radiolokator shu tarzda ishlaydi.

Radioastronomiya Quyosh, meteorlar, Oy va Quyosh tizimi sayyoralarini oʻrganishda juda foydalidir. Meteorlardan aks etgan nurlarni tutib olib, ularning orbitalari haqida koʻp narsalarni bilib olamiz. Oyni radioastronomiya usullari bilan oʻrganish orqali uning yuzasi haqida koʻp maʼlumotlarga ega boʻlamiz. Radioastronomiya maʼlumotlari sharofati bilan olimlar odam Oyga qadam qoʻyishdan avval uning yuzasi maydalanib changga aylangan tosh jinslardan iborat ekanini bilgan. Chamasi, radioastronomiyaning eng qiziqarli yoʻnalishlaridan biri boshqa olamlardan yuborilgan signallarni qidirish boʻlsa kerak.

Hozirgi vaqtda radioteleskoplar shu darajada takomillashtirilganki, deyarli 80 trillion kilometr masofadan keladigan signallarni ham qabul qila oladi. Olimlar qanday signallarni qabul qilishga umid qilmoqda? Agar olis koinotda biznikidan tashqari yana biror sivilizatsiya mavjud boʻlsa va mavjudligini bildirishni istasa, katta ehtimol bilan hech boʻlmaganda bir qator raqamlar kabi juda oddiy signal yuboradi.

Shuningdek, bu signallarni 1420 MHz — oddiy vodorod koinotda radiatsiya toʻlqinlarini taratadigan chastotada qabul qilish mumkin deb hisoblanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!