Yerning o‘zgaruvchan ko‘rinishi

Bizga mashinada, piyoda yoki yugurib yurganimizda Yer harakatsiz turgandek tuyuladi. Albatta, bunday emas! Gap hatto Yer bilan birga uning o‘qi atrofida, yil davomida esa Quyoshni aylanib chiqishimizda va dahshatli tezlikda koinotning qandaydir tubsizligi tomon borayotganimizda ham emas.

Yer koʻrinishining o‘zi o‘zgarib boradi, faqat bu jarayon juda sekin kechadi. Masalan, tog‘ tizmalari ham o‘sadi, lekin  bu koʻrsatkich bir yilda atigi millimetrning o‘ndan yoki yuzdan bir qismiga teng miqdorni tashkil qiladi va istisno holatlardagina bir yilda bir necha millimetr yoki santimetrga o‘sish kuzatilishi mumkin. Yer qobig‘i toshlarining gorizontal (yotiq) harakati tezligi yiliga bir necha millimetr yoki santimetrdan ortmaydi. Masalan, uning harakat tezligi o‘rtacha bir yilda bir santimetr atrofida yuz bersa, shuning o‘zi 100 million yil ichida 1000 km ga harakatlanish ro‘y berishi uchun yetarli bo‘ladi. 100 million yil degani nima? Bu bor-yo‘g‘i Yer sayyorasi mavjud bo‘lish vaqtining ikki foizi degani xolos.

Bizning sayyoramiz yong‘oq po‘stlog‘i kabi yer qobig‘i bilan qoplangan. Uning ichki qismida qattiq yadroni o‘rab oluvchi yarimerigan mantiya — “magʻiz” bor. Yoriqlar yer qobig‘ini gigant plitalar (ular tektonik plitalar deb nomlanadi) ga ajratadi. Plitalar ko‘chganda, to‘qnashganda yer qobig‘i ezilib, tog‘ burmalariga aylanadi, bir-biridan uzoqlashganda esa sayyoramiz qobig‘i ostidan yer mantiyasining erigan moddasi — magma to‘lqini ko‘tariladi. U vulqonlar og‘zi orqali chiqishga urinadi, lekin sirtga chiqmasligi ham mumkin. U bu yerda yupqa mato kabi cho‘zilgan qobiqning ostida chayqalishi ehtimoli ham mavjud. Agarda u yorilsa va yoriq chetlari ayrila boshlasa, ertami-kechmi okean hosil boʻladi.

Biz bu jarayon natijalarini Afrika va Amerikani bir-biridan ajratgan Atlantika okeaniga qarab baholay olamiz, bu aniq o‘lchovlar bilan tasdiqlangan. Uch yuz million yil muqaddam markaziy qismda yagona materikni kesib o‘tuvchi yoriq va chuqurliklar zanjirigina cho‘zilib o‘tgan. Chuqurlashib va parchalanib yoriqlar materikni bo‘lgan, uning bo‘laklari ikki tomonga tarqalgan. Bularning barchasi afsonaviy Atlantidaning dengiz qa’riga cho‘kishidan ancha oldin sodir bo‘lgan. Balki Atlantida fojiasi Atlantika ummoni yaratilishining uzoq tarixidagi so‘nggi aks-sadodir?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!