20.02.2024
Yer chuqur qaʼrining tuzilishini bilish juda muhimdir. Axir u yerga nigoh solib boʻlmaydi. Hatto o‘ta chuqur quduq ham hali 13 km dan chuqurroqqa tusha olgani yoʻq. Biz faqat seysmik toʻlqinlar yordamidan foydalana olamiz. Ular oʻz tilida bizga yer qaʼri haqida soʻzlab beradi.
Yer qobigʻining Moxo yuzasi (uni kashf etgan olim Moxorovich familiyasining qisqartmasi) deb ataladigan qismi ostida, 15–75 km chuqurlikdan mantiya boshlanadi. 2900 km chuqurlikkacha choʻziladigan mantiyaning zichligi chuqurlikka koʻra oʻzgaradi. Uning ustki qismida nisbatan zichligi va qayishqoqligi past qatlamlar — astenosfera (tom maʼnoda “zaiflashgan sfera”) ajralib turadi. Bu qatlamlar yumshoqroq va yopishqoqroq. Ular suvdan 3–6 baravar zichroq. Astenosferaning katta qismini ikkita kimyoviy element — silitsium (kremniy) va magniy tashkil qiladi. Shuning uchun uni baʼzan yer qobigʻining yuqoriroq qismidagi, asosan, silitsium va alyuminiydan iborat “sial”dan farqli oʻlaroq, “sima” deb ham atashadi.
Dunyo okeani va atmosferada boʻlgani kabi mantiyada ham vertikal va gorizontal harakatlar sodir boʻladi. Ular Yer qobigʻida ulkan siljishlarni, xususan, qitʼalarning gorizontal harakatlarini keltirib chiqaradi. Zilzila va vulqon otilishi ham bu harakatlar natijasidir.
Yadro mantiya bilan koʻrpa kabi “oʻralgan”. U yumshoq va suyuq, ammo uning markazdagi zichligi suvnikidan 11 baravar yuqori. Yadroning markaziy qismi suyuqlikka oʻxshash holatda boʻladi. Bu temir-nikel eritmasidir. Yadro metallsimon vodoroddan (yuqori bosim ostida vodorod metallga aylanishi mumkin) iborat degan fikr bor.
Sayyoramizning yetishib boʻlmaydigan qaʼrining tuzilishi zilzilalar aks-sadosi, seysmik toʻlqinlarning qatlamlar chegaralarida aks etgan tezligi orqali oʻrganiladi. Jinslarning fizik xususiyatlarini aniqlashning boshqa — magnit, elektrik, radioaktiv, seysmik, gravitatsion (tortishish kuchining oʻzgarishi) usullari ham qoʻllanadi.
Yerdagi barcha muhit kosmik jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq. Axir, sayyoramiz Quyoshning chaqnab turgan tojidagi kichik zarra; u esa, oʻz navbatida, ulkan Galaktikamizdagi qum donasi va bepoyon koinotning juda kichik burchagidir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.