20.02.2024
Bu juda muhim soʻz boʻlib, u Yer yuzasining barcha — baland va past, eski va yosh, sodda va murakkab xilma-xil shakllarini anglatadi. “Relyef” soʻzi lotincha “koʻtarmoq” feʼlidan kelib chiqqan. Odatda, relyef deganda yer yuzasining baland qismlari — togʻ va tepaliklar tushuniladi, ammo unga vodiy, chuqur joy, pasttekisliklar ham kiradi. Relyefning Yer shari oʻlchamiga mos shakllari — qitʼalar va okeanlar tubi sayyora miqyosidagi shakllar hisoblanadi. Ulardan quyi darajada togʻ tizimlari, tekislikdagi mamlakatlar, okeanlarning chuqurliklari kabi yirik shakllar turadi. Togʻ tizmalari va togʻlararo chuqurliklar ham yirik shakllarga ega boʻlsa-da, ammo kichikroq tur hisoblanadi. Tepalik, vodiy va jarliklar esa oʻrta kattalikdagi shakllarga kiradi. Shuningdek, mikroshakllar — oʻpqonlar, likopchasimon pasttekisliklar hamda juda mayda — nanoshakllar — doʻngliklar, tuproqdagi yoriqlar mavjud.
Relyefning har bir shakli goʻyo ikkita “haykaltarosh” tomonidan hosil qilingan (“yasalgan”) bo‘lib, biri — togʻ jinslariga tashqi tomondan (Yerning aylanishi, Quyosh va Oyning tortish kuchi kabi kosmik kuchlar) taʼsir qiladi. Ikkinchisi — ichkaridan (bular Quyosh energiyasi bilan “quvvatlangan” oqar suvlar, muzliklar, shamol, dengiz toʻlqinlari). Har bir relyef shakli oʻzida tashqi va ichki kuchlarning taʼsir izini saqlaydi, ammo togʻ tizmalari, keng pasttekisliklar va okeanlarning chuqurliklari ichki (tektonik, yaʼni quruvchi) kuchlar tomonidan yaratiladi. Tashqi kuchlar esa bu “imoratlarni” yoʻq qilib, Yer yuzini tekislashga intiladi. Yerning relyefida bu kuchlarning azaliy kurashi aks etgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.