20.02.2024
Uzoq vaqt davomida okean tubining relyefi haqida Oy yuzasiga qaraganda ancha kam maʼlumotga ega edik. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab dengiz va okeanlar tubining relyefi va geologik tuzilishini keng koʻlamda oʻrganish boshlandi. Oʻshanda eng muhim geografik kashfiyotlar amalga oshirildi: oʻnlab yirik suvosti tizmalari, yuzlab suvosti togʻlari, chuqurliklar, tepaliklar topildi. Shu bilan bir qatorda, okeanlar ostidagi yer qobigʻining geologik tuzilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham toʻplandi.
Okean tubidagi relyef murakkabligi boʻyicha quruqlikdagidan qolishmaydi. Barcha okeanlar orqali Yerning uzunligi va maydoni boʻyicha eng ulkan togʻ tizimi — umumiy uzunligi 60 ming km dan ortiq boʻlgan oraliq okean tizmalari oʻtadi. Odatda, qitʼalar okeanlar qirgʻogʻida tugamaydi va suv ostida davom etadi. Togʻlarning choʻqqilari dengiz sathidan koʻtarilib, orollar zanjirini hosil qilgani uchun bu tizmalar orol yoylari nomini olgan. Ularga hamroh boʻlgan tor va chuqur botiqlar chuqur suv ostidagi novlar deb ataladi.
Qalinligi 35–45 km boʻlgan qitʼa qobigʻi okeanga oʻtgach, qalinligi oʻrtacha 5–10 km ni tashkil qiladigan okean qobigʻiga almashadi. Granit qatlami boʻlmagan bu qobiq asosan bazaltdan iborat.
Barcha mamlakatlarning olimlarini koʻproq shelf — okean tubining taxminan 9% ini egallagan materik yonbagʻri qiziqtiradi. U oʻrganish uchun eng qulaydir. Bundan tashqari, unda foydali qazilmalar — neft va gazning yirik konlari topilgan.
Okean tubining yarmidan koʻpini okean tekisligi tashkil etadi. Bu yerni 500 metrgacha boʻlgan balandliklar tartibsiz ravishda egalagan. Ancha baland va alohida turgan balandliklar suvosti togʻlari deb ataladi. Ular odatda vulqon otilishi natijasida paydo boʻlgan. Nisbatan kamroq joyni choʻkindilar qatlami bilan qoplangan toʻlqinsimon tekisliklar egallaydi. Ularni hosil qilgan qattiq zarrachalar okeanga odatda quruqlikdan tushgani sababli baʼzi suvosti havzalarining chekkalarida choʻkindilarning mukammal tekis yuzaga ega katta qatlamlari hosil boʻlgan. Biroq bunday tekisliklar butun okean tubining 10% dan kamroq maydonini egallaydi.
Oraliq okean tizmalari tizimining kengligi baʼzi joylarda 1000 km ga yetadi. Ular okean tubining 15–20% ini egallaydi. Koʻplab uchraydigan qotgan lava oqimlari, tez-tez va kuchli zilzilalar Yer ichki kuchlarining oraliq okean tizmalaridagi faol faoliyatidan darak beradi.
Vulqonlar okeanga tutash havzalarda va undan orollar zanjiri bilan ajratilgan dengizlarda kam uchraydi. Koʻpgina dengizlarda havzalarning tubini yassi tekisliklar egallagan.
Orol yoylarining odatda tashqi tomoniga tutashgan chuqur suvosti novlari Yer yuzidagi eng chuqur botiqlardir. Jami ularning 30 dan ortigʻi maʼlum va aksariyati Tinch okeanida joylashgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.