20.02.2024
Detektivlarni oʻqish yoki ularni televizorda koʻrishni yoqtirasizmi? Doimo hayajonda ushlab turishi bilan ham ular sizni oʻziga jalb qiladi. Siz jinoyatni kim sodir etganini, u buni qanday qilganini va nima uchun ekanligini bilishni istaysiz. Xuddi shunday atrofimizdagi olam ham turfa sirlarga toʻla.
Nima uchun hayvonlar oʻzini u yoki bu tarzda tutadi? Oʻsimliklarning qandaydir oʻzgacha usul bilan oʻsishiga nima sabab boʻladi? Nega tanamiz u yoki bu tarzda harakat qiladi? Inson doimo hayotning bu sirlarini bilishni xohlagan. Xuddi jinoyat ishi boʻyicha tergovda izquvar yoʻl tutgani kabi birinchi navbatda faktlar toʻplanishi kerak. Ushbu faktlarni toʻplash va oʻrganish bilan tabiiy tarix shugʻullangan. Hozirgi kunda bu fan biologiya deb ataladi. Bu soʻz ikki yunoncha “hayot” degan maʼnoni anglatuvchi “bios” va “fan” maʼnosini ifodalovchi “logos” soʻzlaridan kelib chiqqan.
Shunday qilib, biologiya barcha organizmlar, oʻsimlik va hayvonlar haqidagi taʼlimotdir. Bunda ularning shakli, faoliyati, funksiyalari va atrofidagi muhit oʻrganiladi. Ammo detektiv biologlar bugungi kunda shunchaki faktlarni tartibsiz toʻplashdan qoniqmayapti. Olimlar ular orasidagi aloqalarni, qandaydir munosabatlarni oʻrnatishga harakat qilmoqda. Masalan, odamni atrofidagi millionlab tirik mavjudotlar bilan bogʻliqligini aniqlash qiziqtirmoqda. Ular bu tirik mavjudotlarning inson rivojlanishiga qanday taʼsir qilishini bilishni xohlaydi. Biologlarni qiziqtirgan eng katta sir — Yer yuzida hayot ilk bor qanday paydo boʻlgan va u qanday shakllarga ega boʻlgan.
Shuning uchun ular hayot uchun zarur boʻlgan barcha sharoitlarni oʻrganadi. Detektiv byuro arxivni yuritganidek, ular ham sayyorada mavjud boʻlgan barcha organizmlarni tasniflashga harakat qiladi. Oʻzining savollariga javob qidirib biologlar tabiatning yordamiga murojaat qiladi. Jumboqlarning javobini izlab, ular okeanlarning muzdek qaʼriga shoʻngʻiydi, eng baland choʻqqilarga koʻtariladi. Ular oʻtib boʻlmas junglida yoʻllar ochib, soatlab mikroskoplar orqali termiladi.
Baʼzan ular hayot sirlariga erishish uchun gʻalati tajribalar oʻtkazadi. Biologiya juda murakkab fan. U ikki qismga — oʻsimliklarni oʻrganadigan botanika va hayvonlarni oʻrganadigan zoologiyaga boʻlinadi. Bu boʻlimlarning har biri esa oʻnlab kichik boʻlimlardan iborat.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.