20.02.2024
Uydagi pashshalarni bezovta qiluvchi omil deb hisoblash odatiy holga aylandi. Ular yoqimsiz tovush chiqaradi, tanamiz boʻylab yura boshlaganida esa gʻashga tegadi. Asrlar davomida pashsha shunchaki gʻashga teguvchi narsa deb hisoblangan. Faqat XX asrda odam toʻsatdan bir qarashda zararsiz koʻringan pashsha eng ashaddiy dushmanlardan biri ekanini bilib qoldi.
Pashshalar har yili millionlab odamlarning oʻlimiga sababchi boʻlishi mumkin boʻlgan kasallik qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarni tarqatishi aniqlandi. Pashsha oyoqchalarini bir-biriga ishqalaganini koʻrsangiz, demak, ularga tushgan narsalarni, turli xil axlatlarni tozalayotgan boʻladi. Axir bu axlat xavfli boʻlishi — terlama, sil, dizenteriya bakteriyalari boʻlishi mumkin. Pashsha bu bakteriyalarni turli chiqindi va axlatlardan ilib oladi. Agar u nogoh ovqatimizga qoʻnsa, bu bakteriyalar unga tushadi va biz infeksiyani yuqtirib olishimiz ehtimoli ortadi. Pashsha bu bakteriyalarni qanday tarqatadi?
Agar pashshaga kattalashtiruvchi oyna orqali yaxshilab qaralsa, uning tanasi umuman silliq emasligini koʻrish mumkin. Uning butun tanasi, moʻylovchasi va oyog‘i tik koʻtarilgan tuklar bilan qoplangan. Tili ham yopishqoq suyuqlik bilan qoplangan. Bu esa pashshaning qoʻngan deyarli har qanday joydan tanasi, oyogʻi va tiliga axlat yopishtirib olishini anglatadi. Uch juft oyogʻining har birida tirnoqcha va ikkitadan tukli yostiqchalar bor. Ularga juda koʻp narsa yopishishi mumkin.
Aytgancha, pashsha yostiqchalarida ishlab chiqariladigan yopishqoq suyuqlik unga shiftda yoki boshqa har qanday yuzada oyogʻi osmonda boʻlib yurish imkonini beradi.
Pashsha eng qadimgi hasharotlardan biri ekanini bilarmidingiz? Millionlab yil avval yashagan pashshalarning toshqotgan qoldiqlari topilgan. Qachondir pashshalardan butunlay xalos boʻlamizmi? Biz qila oladigan yagona narsa — ularning koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik. Agar bu amalga oshirilsa, butun dunyoning sanitariya holati sezilarli darajada yaxshilanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.