Ko‘rsichqon ko‘rish qobiliyatiga egami?

Koʻrsichqon g‘aroyib hayvonlardan biridir. Ular Qoʻshma Shtatlarning deyarli barcha hududida yashaydi va koʻrsichqonlarning 50 ga yaqin turi mavjud. Odamlar ushbu hayvonlarni juda kam koʻrgani sabab ularni qandaydir sirli mavjudotlar deb hisoblaydi. Koʻrsichqonni dalalardagi qazilgan joʻyaklar bor joylarda topish mumkin. Bu koʻrsichqon tunnelining tomidir, u butun hayotini yerostida oʻtkazadi.

Koʻrsichqonlar 15 santimetrgacha oʻsadi. Ularning baxmalga oʻxshash mayin kulrang moʻynasi boʻlib, dumining uzunligi 3 santimetrga yetadi. Ularning boʻyni umuman yoʻq, quloqlari esa yungi ostida yashiringan kichik teshiklardan iborat. Koʻrsichqonning koʻzi bor, lekin ular misoli yung va teri bilan qoplangan kichik munchoqlarga oʻxshaydi. Shuning uchun bir vaqtlar koʻrsichqonlar koʻr boʻladi deb hisoblangan.

Koʻrsichqon juda yomon boʻlsa ham koʻrish qobiliyatiga ega. Agar uni yerga qoʻysangiz, u darhol yumshoq tuproqni qidirib, yuguradi va bunday joyni topishi bilanoq darhol uni qazishni boshlaydi. Umuman olganda, koʻrsichqon tabiatdagi eng yaxshi qazuvchilardan biridir. Uning belkurak shaklidagi kuchli old oyoqlari bor. U bir daqiqa ichida uya qazib, unga yashirinib olishi mumkin. Bir kechada u 68 metr uzunlikdagi tunnelni qazishi mumkin. Koʻrsichqonlar odatda yer ostidagi istehkomga oʻxshash uyalarida koloniya boʻlib yashaydi. Yer yuzasida biz faqat kichik tuproq uyumlarini koʻramiz. Ularning ostida ikkita yumaloq galereya yoki yoʻlaklar boʻlib, biri ikkinchisining ustida joylashadi. Ular vertikal oʻtish joylari bilan bogʻlangan boʻlib, koʻrsichqon yuqori va pastga harakatlana oladi. Yuqori galereyada koʻrsichqon “dam oladigan” markaziy uyaga olib boruvchi beshta teshik mavjud. Bir qator chalkash tunnellar ushbu galereyadan va markaziy uyadan oziqlanish joylari, uya va hatto zaxira chiqish joyiga olib boradi. Ushbu yerosti tunnellari shu qadar yaxshi qurilganki, ular dala sichqonlari va kalamushlar tomonidan ildiz, oziqlanish mumkin boʻlgan oʻsimliklarni topish uchun ishlatilishi mumkin.

Ammo begona hayvon uchun koʻrsichqon uyasiga kirish xavfsiz emas. Uning old tishlari juda oʻtkirki, u oʻzidan kattaroq sichqon bilan kurashishi va uni oʻldirishi ham mumkin. Ammo uning asosiy ozuqasi hasharot va tuproq qurtlaridan iborat. Koʻrsichqon shunchalik yebtoʻymas hayvonki, agar u 12 soat ichida ovqat topa olmasa, nobud boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!