20.02.2024
Olmaxonlar ayrim davlatlarning bogʻ va oʻrmonlarida shunchalik odatiy koʻrinadiki, goʻyo bu mamlakatni ularning vatani deb oʻylash mumkin. Aslida esa olmaxonlar Avstraliyadan tashqari dunyoning barcha hududlarida yashaydi. Olmaxonlarning juda koʻp turi mavjud. Ular mushuk kattaligida yoki sichqon kabi kichik ham boʻlishi mumkin. Ularning moʻynasi yumshoq va paxmoq yoki tikanakli igna kabi boʻlishi mumkin. Ular shoxdan shoxga sakrab yoki parashyut vazifasini bajaradigan teri burmalari yordamida bir daraxt uchidan ikkinchisiga uchib oʻtishi mumkin. Ularning baʼzilari hatto yerda ham yashaydi. Ammo olmaxonlarning deyarli barchasi uzun paxmoq dumli va munchoq koʻzli beozor, behalovat mayda hayvonlardir.
Olmaxonlar kemiruvchilarning oʻzgacha oilasini tashkil qiladi. Ular ikkita asosiy guruh — yer va daraxt olmaxonlariga boʻlinadi. Yer olmaxonlariga sugʻur, burunduq, dasht itlari kiradi. Daraxt olmaxonlari orasida mayda malla, kulrang, tulkisimon va katta quloqli olmaxonlar keng tarqalgan. Daraxt olmaxonlari qishni, odatda barg va novdalar toʻshalgan bironta daraxt kovagida oʻtkazadi. Bahorda ular koʻpincha daraxtning tepasida oʻzi uchun boshqa uya quradi. U yerda toʻrt—oltita bolasidan iborat avlodini yetishtiradi. Zararkunanda malla olmaxonlar koʻpincha qushlarning tuxum va joʻjalarini yeydi.
Biroq olmaxonlarning koʻpchiligi asosan choʻchqayongʻoq, qaragʻay gʻuddasi va yongʻoqlari bilan oziqlanadi. Olmaxonlar sovuq oylar uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat gʻamlashi kerak. Uchar olmaxonlar boshqalardan biqinidagi yoyiladigan teri burmalari bilan farq qiladi. Olmaxon panjalarini yozganda, ular orasidagi burmalar planyor qanotlar vazifasini bajaradi va olmaxonning havoda uchib oʻtishiga yordam beradi.
Uchar olmaxonlar Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoning issiq oʻlkalarida yashaydi. Aksar holatda ularni koʻrish qiyin. Chunki ular kun davomida uxlaydi. Shuningdek, Osiyoda juftlashish davrida nar qushlar singari rangini oʻzgartiradigan yana bir qiziqarli olmaxon turi ham mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.