Mingoyoqning yuzta oyog‘i borligi rostmi?

Biron bir yapaloq tosh yoki chirigan toʻnkani agʻdarganingizda, uning ostida yorugʻlikdan choʻchib tezda qochib ketayotgan chuvalchangsimon kichik jonzotlarni koʻrganmisiz? Katta ehtimol bilan, bu mingoyoq boʻlgan. Tabiiyki, uning yuzlab oyogʻi bor-yoʻqligini bilish uchun barcha oyogʻini sanashga imkoningiz boʻlmagan. Bu jonzotlarning ayrimlari yuzlab, boshqalari esa undan ham koʻproq oyoqqa ega. Baʼzilarida esa atigi 30 ta oyoq bor.

Garchi bu tirik mavjudotning oyogʻi shunchalik koʻp boʻlishi ajablanarli boʻlib tuyulsa-da, lekin ular tabiatda biz oʻylagandek kamdan kam uchramaydi. “Mingoyoq” deb nomlanadigan hasharotlarning butun turkumi mavjud. Aytgancha, mingoyoq eng qadimgi tirik mavjudotlardan biridir.

Olimlarning fikriga koʻra, mingoyoqlar millionlab yillardan beri mavjud. Koʻp odamlar ikki oyogʻida qiynalib yurgan vaqtida mingoyoqlar yuzlab oyogʻini qiyinchiliksiz boshqaradi. Ularning oyogʻi juft boʻlib, har bir juft bir-biriga bogʻlangan, koʻplab boʻgʻinlar shaklidagi yapaloq qismda joylashgan. Boshidan keyingi qismida ikkita uzun moʻylovchasi va ikkita zaharli ilgakchasi bor. Koʻpgina mingoyoqlarning zahri odam uchun xavfsizdir, ammo tropikda 20—25 santimetr uzunlikdagi ayrim turining chaqishi xavfli boʻlishi mumkin. Bunday mingoyoqlar hatto kichik qushlarni ham oʻldirishga qodir ekanligi bilan tanilgan.

Mingoyoqlar ochiq joylarga qoʻyilgan tuxumlardan koʻpayadi. Ularning ayrimlari oyogʻining toʻliq toʻplami bilan tugʻiladi. Boshqalari yetti juft oyoq bilan tugʻilib, qolgan oyogʻi esa voyaga yetganiga qadar, har safar poʻstini almashtirganida qoʻshiladi. Mingoyoqlar tunda ozuqa qidirib chiqib, kun davomida tosh yoki chirigan daraxtlar ostida yashirinib yotadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!