20.02.2024
Dunyoda baʼzi kaltakesaklar kabi dahshatli koʻrinishga ega boʻlgan jonivorlar koʻp topilmaydi. Shunga qaramay, 2500 dan ortiq kaltakesak turidan faqat ikkitasi haqiqatan ham zaharli hisoblanadi. Bu Amerikaning choʻllarida yashovchi “yadozub” — zahar tishli kattakesak va Meksikadagi munchoq kaltakesak. Kaltakesaklar ilonlarning yaqin qarindoshi boʻlib, ular singari terisi tangachali sudralib yuruvchilarga mansub.
Biroq ilonlardan farqli oʻlaroq, ularning uzun tanasini uch qism — bosh, tana va dumga boʻlish mumkin. Aksariyat turlarning toʻrt oyogʻi bor. Kaltakesak turlarining bunchalik xilma-xilligi tufayli, shubhasiz, koʻplab istisnolarga ham duch kelish mumkin. Masalan, ayrim kaltakesaklarning panjasi umuman yoʻq va ilonlarga juda oʻxshaydi. Ular oʻzini dushmanlardan himoya qilishga yordam beradigan, binoyidek kuchga ega. Ular dumini tashlashga qodir. Bu koʻpincha dushman dumga chalgʻigan vaqti qochib qutulishga fursat beradi. Keyinchalik kaltakesakning yangi dumi oʻsib chiqadi.
Aksariyat kaltakesaklar tuxumdan chiqsa-da, tirik tugʻiladigan turlar ham mavjud. Kaltakesaklar koʻpchiligi hasharotlar bilan, ammo baʼzi turlari qush va mayda hayvonlar bilan oziqlanadi. Koʻpincha kaltakesaklar tropik mintaqada uchraydi. Umuman olganda, ular Arktikadan tashqari butun dunyo boʻylab yashaydi. Kaltakesak qayerda yashamasin, u atrof-muhitga juda yaxshi moslashadi. Masalan, oʻtlar orasida yoki daraxtda yashovchi kaltakesaklar yorqin rangga, choʻlda yashovchilar esa qumda sezilmaslik uchun toʻq kulrang yoki jigarrangga ega.
Kaltakesak hisoblanadigan xameleon atrof-muhitga qarab hatto rangini oʻzgartirishi mumkin. Kaltakesaklar turli oʻlchamlarga ega. Markaziy Amerikadagi kaltakesaklardan birining uzunligi 8 santimetrdan oshmaydi.
“Echkemar” deb nomlanadigan yana bir tur vakillarining uzunligi 2 metrga yetadi. Sharqiy Hindistondagi “ajdaho” deb nomlangan kaltakesaklarning uzunligi 3 metrgacha yetishi mumkin. Ular haqiqatan ham dahshatli koʻrinishga ega. Bu ajdarlar anchagina yirik hayvonni ham dumining bir zarbasi bilan osongina oʻldirishi mumkin. Kaltakesaklar quyoshda toblanishni yoqtiradi. Shuning uchun salqin iqlimli joylarda yashovchi kaltakesaklar sovuqdan biron bir joyda yashirinib, shunchaki qish uyqusiga ketadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.