Salamandra olov ichida yashay oladimi?

Salamandrani hech koʻrganmisiz? Bu jonzotlarning koʻrinishi unchalik ham jozibali emas. Qotma tanasi, uzun dumi va kerilgan panjalari bilan u kaltakesakka oʻxshaydi. Ehtimol, doimo nam boʻlib koʻrinadigan silliq va yaltiroq terisi uning olovdan bezarar oʻta olishi mumkinligi haqidagi afsonalar paydo boʻlishiga sabab boʻlgandir. Ammo bu mutlaqo notoʻgʻri!

Salamandralarning tabiiy yashash joyi suv yoki salqin, nam joy. Bunday muhitdan mahrum boʻlganda ular nobud boʻladi. Salamandralar amfibiyalarga mansub boʻlib, bu ularning suvda ham, quruqlikda ham yashay olishini anglatadi. Aniq qilib aytganda, haqiqiy salamandralar Yevropada yashaydi. Ammo dunyoning boshqa qismlarida salamandralarga juda oʻxshash koʻplab jonzotlar bor. Salamandralar odatda tuxumlarini suvga qoʻyadi.

Ularning bolalari haqiqiy suv hayvonlari kabi oyquloqqa ega. Ammo voyaga yetganda odatda salamandraning oyqulog‘i yoʻqolib, oʻpka paydo boʻladi va quruqlikda yashaydi. Uzunligi 1,5 metrgacha boʻlgan, ulkan yapon salamandrasi bor boʻlib, uning oyqulogʻi saqlangan holda oʻpkalari ham boʻladi. Qora triton baliqchilarni juda bezovta qiladi, chunki u ochkoʻzlik bilan xoʻraklarini yeb ketadi.

Salamandraga oʻxshash boshqa jonzotlarda oʻpka umuman paydo boʻlmaydi va ular butun hayotini suv hayvonlari kabi oʻtkazadi. Ulardan biri — Meksika aksolotli. Yevropa va Amerika tritonlarining boshqa salamandralardan farqi, ular ikki yarim yil quruqlikda yashagandan soʻng suvdagi hayotga qaytib, yana suv hayvoniga aylanishi mumkin. Yevropa salamandralaridan olovli salamandra eng taniqlisi hisoblanadi. Uning uzunligi taxminan 23 santimetr boʻlib, qoʻrqitilganda u oʻzidan zaharli suyuqlik chiqaradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!