Qaysi o‘rgimchaklar zaharli?

Dunyoda oʻrgimchaklar boʻlmagan joyni topish qiyin. Ularga dengiz sathida ham, Everest togʻida ham, oʻrmon, oʻtloq, botqoq, choʻl va yerosti uyalarda ham duch kelish mumkin. Baʼzi turlari zaharli boʻlgani uchun koʻp odamlar oʻrgimchaklardan qoʻrqadi. Ikki turdan tashqari barcha oʻrgimchaklarda zaharli bezlar mavjud. Lekin bu zaharli bezlarga ega oʻrgimchaklar odamlarga qandaydir zarar yetkazishi mumkinligini anglatmaydi.

Oʻrgimchaklar zaharli bezlarini boshqara oladi va ularni juda zarur holatdagina ishlatadi. Masalan, oʻljasini ushlash uchun toʻr toʻqiydigan oʻrgimchaklar zahardan foydalanmaydi. Ov qiladigan yoki hasharotlarni gullar ichida, pistirmada kutib turadiganlari oʻljasini tishlari bilan ushlab, uni zahar yordamida oʻldiradi. Biroq oʻzini himoya qilish uchun barcha oʻrgimchaklar zahardan foydalanadi. Tuzoqqa tushib, qochib qutulishning iloji boʻlmaganda zahar oxirgi himoya vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Juda oz sonli oʻrgimchaklargina odamlar uchun xavf tugʻdiradigan darajada zaharli. Qoʻshma Shtatlardagi yagona xavfli oʻrgimchak bu — “qora beva”. Tanasining uzunligi taxminan 1 santimetrga teng boʻlib, qorinchasida qum soati shaklidagi qizil belgi bor. Bu oʻrgimchakning chaqishi kuchli ogʻriq va azob berishi mumkin. Odam uchun zaharli ayrim oʻrgimchaklar Avstraliyada yashaydi.

Chaqishi halokatli deb hisoblangan katta tarantullar (biylar), shuningdek, banan oʻrgimchaklari aslida hech kimni oʻldirmagan. Ularning chaqishi tananing chaqilgan joyida faqat shish paydo boʻlishiga olib kelishi va bir necha kun davomida ogʻrishi mumkin.

Koʻpgina oʻrgimchaklar odamlar uchun ari yoki qovogʻaridan koʻra xavfli emas. Aslida koʻplab oʻrgimchaklar qoʻlda ushlab turganda ham chaqmaydi. Shuning uchun “qora beva” dan tashqari barcha oʻrgimchaklar bilan oʻzingizni butunlay xavfsiz his qilishingiz mumkin. Shubhasiz, oʻrgimchaklarning toʻr toʻqish qobiliyati ularning eng ajablanarli xususiyati hisoblanadi. Oʻrgimchak toʻri ishlab chiqariladigan modda oʻrgimchak tanasining qorin qismidagi maxsus bezlarda hosil boʻladi, soʻngra bu modda qorin boʻshligʻining oxiridagi koʻplab mayda teshikchalar orqali siqib chiqariladi. Havo taʼsirida esa u qattiqlashadi.

Oʻrgimchak toʻri ishlab chiqariladigan modda oʻrgimchak turiga qarab har xil tarkibga ega boʻlishi mumkin. Oʻrgimchak toʻri ham juda xilma-xil va hatto suvosti turi ham bor.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!