20.02.2024
Odatda “sudraluvchi” soʻzini eshitgan oddiy odam ilonni eslaydi. Aslida, bu hayvonlar guruhi boshqa koʻplab sudralib yuruvchi jonzotlarni ham oʻz ichiga oladi. Hayvonot dunyosida sudralib yuruvchilar amfibiya va qushlar o‘rtasida joy egallaydi. Amfibiyalar quruqlikda ham, suvda ham yashay oladigan hayvonlardir.
Olimlarning fikriga koʻra, qushlar bir necha million yil oldin sudralib yuruvchilardan kelib chiqqan. Oʻsha vaqtlarda sudralib yuruvchilar hayvonlarning asosiy guruhini tashkil qilgan va koʻpincha ulkan oʻlchamlarga ega boʻlgan. Ammo bu ulkan reptiliyalar qirilib ketgan va hozirgi vaqtdagi sudralib yuruvchilar nisbatan kichik oʻlchamlarga ega. Ularning eng kattasi timsoh va pitonlardir. Koʻp jihatdan sudralib yuruvchilar amfibiyalarga oʻxshaydi. Ularning barchasi sovuqqonli hayvonlar boʻlib, sudralib yuradi va umurtqa pogʻonasiga ega. Ularning asosiy oʻziga xos xususiyatlari bu — oʻpka va terisi. Amfibiyalar yoshligida oyqulog‘i bilan nafas oladi va keyinchalik ularning koʻpchiligida oʻpka rivojlanadi. Boshqa tomondan, sudralib yuruvchilar butun umri davomida faqat oʻpka bilan nafas oladi.
Amfibiyalarning terisi silliq va yopishqoq boʻlib, maxsus shilimshiq bezlar tomonidan namlanib turadi. Suv ularning terisi orqali osongina oʻtadi, shuning uchun koʻpchilik amfibiyalar uzoq vaqtga suvdan chiqarilsa, u qurib nobud boʻladi. Sudralib yuruvchilarning shilimshiq bezlari yoʻq, terisi quruq va tangachali. Suv ularning terisi orqali oʻtolmagani tufayli ular doimiy ravishda quruqlikda yashashi mumkin. Sudralib yuruvchilar toʻrtta asosiy guruhga boʻlinadi: toshbaqalar, timsohlar, kaltakesaklar, ilonlar hamda Yangi Zelandiyadagi kaltakesakka oʻxshash gʻalati tuatara.
Toshbaqalar boshqa sudralib yuruvchilardan tanasini qoplagan kosasi bilan farq qiladi. Barcha toshbaqalar tuxum qoʻyadi. Ayrim toshbaqalar suv havzalari yaqinida yoki ichida, baʼzilari esa faqat quruqlikda yashaydi. Alligator, timsoh va shunga oʻxshashlarning usti tangacha yoki plastinkalar bilan qoplangan boʻlib, toʻrt oyoqli choʻziq tanaga ega. Alligator va timsohlar shunchalik oʻxshashki, ularni faqat mutaxassisgina ajrata oladi.
Qolaversa, Qoʻshma Shtatlardagi alligatorlarning tumshugʻi timsohlarnikiga qaraganda kaltaroq va kengroq. Avstraliyada timsohlar bor-u, alligatorlar umuman yoʻq, ammo kaltakesaklar juda koʻp. Kaltakesak va ilonlar sudralib yuruvchilarning yuqori tabaqasiga mansub. Kaltakesak va ilonlar oʻrtasidagi asosiy farq ular jagʻining tuzilishidadir. Ilonlarning ham yuqori, ham pastki jagʻida oʻtkir va ichkariga qayrilgan tishlar boʻlgan harakatlanuvchi qismlar mavjud.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.