20.02.2024
Siz tabiiy tarix muzeylarida koʻradigan hayvonlar taksidermistlarning mahsulotidir. Xuddi shu narsani mohir ovchi va baliqchilar uyi devorlariga osilgan sudralib yuruvchilar va qushlar hamda baliqlar haqida ham aytish mumkin. Biz ularni “tulum” deb hisoblaymiz va aksariyat hollarda taksidermiya aynan shu bilan shugʻullanadi.
Taksidermiya bu — qush, hayvon, baliq va sudralib yuruvchilarning tulumini yasash sanʼati. U taxminan 300 yil mavjud boʻlib, bizga maʼlum boʻlgan eng qadimgi XVI asrda yasalgan karkidon tulumidir. Hayvon oʻlganida uning ichki aʼzolari va tananing boshqa qismlari parchalana boshlaydi. Hayvonni shunday holatida haqiqiy va “tirik” koʻrinadigan shaklda saqlash uchun ichki aʼzolari olib tashlanishi kerak. Shundagina qush, baliq yoki hayvonning tashqi koʻrinishini saqlab qolish mumkin. Taksidermistning vazifasi, hayvonning tashqi koʻrinishini — rangi, tuzilishi kabilarni saqlagan holda hamda bularning barchasi tabiiy koʻrinadigan tarzda karkasga oʻrnatish.
Keling, tulum qanday yasalishini katta hayvon — kiyik misolida koʻrib chiqamiz. Hayvon tanasi taksidermistga kelib tushgach, u tananing turli qismlarini oʻlchab oladi va shundan soʻng teri ehtiyotkorlik bilan shilib olinadi. Teri taksidermist ustaxonasiga kelguniga qadar saqlanishi uchun u yaxshilab tuzlanadi. Barcha yumshoq toʻqima va mushaklar kesib olinadi. Suyaklar tozalanadi va iloji boʻlsa, butun skelet saqlab qolinadi. Teri yirtilmasligi va jun qoplamasi saqlanib qolishi uchun u oshlanadi. Shunday qilib, taksidermist hayvonning terisi va suyaklari, shuningdek, puxtalik bilan olingan oʻlchovlarga ega. U tirgaklardan foydalangan holda skeletni kerakli holatda joylashtiradi. Keyin skelet boʻylab nam loy yopishtiriladi. Taksidermist loydan shakl va oʻlchamlarga muvofiq ravishda hayvonning aniq modelini yaratadi.
Soʻngra loy shakl ustiga gips qoplanadi va natijada sunʼiy tana paydo boʻladi. Yakunda sunʼiy tana ustiga oshlangan teri tortiladi. Koʻzlar shishadan yasaladi, xira tortgan ranglarni tiklash uchun esa yogʻli boʻyoqlardan foydalaniladi. Endi koʻz oʻngingizda tabiiy va tirik kabi koʻrinadigan hayvon bor va uni koʻrsatish uchun qoʻyish mumkin. Qush, baliq va suvda ham, quruqlikda ham yashovchilarning tulumini tayyorlash boshqacha tarzda amalga oshiriladi. Biroq asosiy tamoyillar bir xil.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.