Mamont nima?

“Mamont” soʻzini koʻpincha ulkan, juda katta hajmdagi narsani tasvirlash uchun ishlatamiz. Biroq uzoq vaqt oldin mamont deb nomlangan hayvon boʻlgan. Mamont filga oʻxshash boʻlgan va dunyoning koʻp joylarida yashagan. Ammo bizning davrimizga qadar yetib kelmagan. Bu qadimiy fil turi “mamont” deb atalgan boʻlsa-da, uning oʻlchami zamonaviy hind filinikiga teng boʻlgan. Uning uchli bosh suyagi va spiral shaklida oʻralib, uchlari bir-biriga qaragan juda gʻayrioddiy dandon tishlari boʻlgan.

Bu filni biz bilganlardan ajratib turadigan va farqli narsasi — mamontning tanasini qoplagan uzun tolali junlar. U shunchalik uzun boʻlganki, hatto yerga tegib turgan. Ensasida katta oʻrkachi, quloqlari esa kichkina boʻlgan. Bu hayvonning butun tanasi sariq-jigarrang jun bilan qoplangan boʻlib, ular orasida uzun, qora va dagʻalroqlari oʻsgan. Jun quloqlarda ham boʻlgan. Agar mamont toʻsatdan bizga roʻpara kelganda, unga aytadigan birinchi gapimiz: “Sochingni oldirib kel!”, boʻlar edi.

Bunday jun poʻstindagi hayvon hatto sovuq iqlim sharoitida ham oʻzini juda qulay his qilgani tushunarli. Mamont — sovuq va hatto Arktika iqlimida ham oʻzini “uyida” kabi his qilgan fillarning yagona turi. Shuning uchun ham u Sibirda nisbatan yaqin vaqtlargacha yaxshi yashagan. Angliya va Fransiya kabi boshqa joylarda mamontlar faqat muzlik davri tugaguniga qadar istiqomat qilgan. Angliyada ikki muzlik davri oʻrtasida havo iliqlashganida esa ular shimolga ketgan.

Xuddi shu davrda mazkur hayvonlar Shimoliy Amerikada ham yashagan va baʼzilarining balandligi 4 metrga yetgan. Og‘irligi tufayli mamontlar  muzlab qoladigan loylarga tez-tez botib qolgan. Shuning uchun ular baʼzan Sibir kabi joylarda yaxshi saqlangan holda topilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!