Eng katta ayiqning kattaligi qanday?

Ayiqlar orqa oyogʻida tura olganligi va ularning baʼzilari haybatli oʻlchamga ega boʻlishi mumkinligi sabab ular haqida mubolagʻalarga toʻla har xil hikoyalar juda keng tarqalgan. Ulkan ayiqlarga qarshi kurashgan yoki ularni oʻldirgan buyuk ovchilar haqida afsonalar bor. Haqiqatan ham ayiqlar oilasida juda katta turlar ham mavjud.

Shubhasiz, ayiqlar barcha yirtqich hayvonlarning eng kattasi. Masalan, sherning vazni kamdan kam hollarda 230 kilogrammdan ortiq boʻladi. Eng katta yoʻlbarsning vazni esa 270 kilogrammni tashkil qilishi mumkin. Ammo yirik oq ayiq yoki grizli ayigʻining vazni 400—450 kilogrammgacha yetishi ehtimoli bor. Ayiqlarning eng kattasi qoʻngʻir Alyaska ayigʻidir va ayrim erkaklarining vazni 680 kilogrammdan oshadi. Orqa oyoqlarida tik turganida esa uning balandligi uch metrga yetishi mumkin. Bu juda katta ayiq, shunday emasmi?! Shu bilan birga, hatto yetuk yoshida ham vazni 45 kilogrammdan oshmaydigan malay ayiqlarini eslatib oʻtishimiz kerak.

Ayiqlar bilan bogʻliq ikkita gʻalati, notoʻgʻri tushuncha mavjud. Biriga koʻra, ayiqlar besoʻnaqay va lapashang, ikkinchisiga koʻra esa kaltafahmdir. Ikkalasi ham haqiqatdan yiroq. Ayiq qadam tashlashining oʻziga xos xususiyatlari tufayli besoʻnaqay koʻrinishi mumkin.

Ayiqlar yassioyoq, bu ular yurganida odam kabi tovonini yerga qoʻyishini anglatadi. U yurganida bir vaqtning oʻzida tanasining bir tomonida joylashgan ikkala panjasi bilan qadam tashlaydi. Shu sababli u lapanglab, chayqalib yuradi. Ammo bu sizni chalgʻitmasin, toʻrt panjasi bilan yugurgan ayiq yugurayotgan har qanday odamga yetib oladi.

Ayiqlar juda besoʻnaqay va sekin harakatlanuvchi boʻlib koʻringanligi tufayli odamlar ularni katta aqlga ega emas deb hisoblaydi. Ammo har qanday hayvonot bogʻi xodimidan soʻrangiz, u sizga ayiqning barcha hayvonlar ichida eng aqlli va oʻtkir zehnli ekanligini aytishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropada ayiqlar koʻpincha har xil sirk tomoshalarida istirok etishga oʻrgatiladi. Shimoliy Amerikada ayiqlarning toʻrtta asosiy turi mavjud: qora ayiq, grizli ayigʻi, qoʻngʻir Alyaska ayigʻi va oq ayiq. Grizli ularning eng shafqatsizidir. Shubhasiz, u Amerikadagi barcha sutemizuvchilar orasidagi eng xavfli hayvondir. Qadimgi vaqtlarda hindular uni eng yovuz dushmanlaridan biri deb hisoblagan va grizlini oʻldirishga qodir jangchi buyuk dovyurak deb hisoblangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!