Yenot ozig‘ini yuvib yeydimi?

Ayrimlar yenot isteʼmol qilishdan oldin barcha ozigʻini yuvadi deb hisoblaydi. Bunda biroz haqiqat bor. Aksariyat yenotlar ovqatini yuvadi va hatto yaqin atrofdan suv topa olmaganda, u ovqatlanishdan bosh tortgan holatlar ham boʻlgan. Ammo boshqa tomondan, yenotlar suvdan uzoqda boʻlganida va bu ularga unchalik yoqmasa ham yuvilmagan oziqni yegan. Biroq yenotlar orasida ayrimlari ovqatini umuman yuvmaydi. Ular nega bunday qilishini esa hech kim aniq bilmaydi. Bu ularning tozalikka intilmasligi tufayli emas, chunki ular ozuqasini iflosroq suvda ham yuvishi mumkin.

Garchi zarurat boʻlmasa ham, ular hatto suvda ushlangan narsalarni ham yuvadi. Ehtimol, yenot ovqatni suvga botirib namlashni (ivitishni) yoqtirar, balki bu holatda oziq ancha mazali tuyular…

Yenotlar baland togʻlardan tashqari, Kanadaning janubidan tortib, to Panamagacha boʻlgan hududda yashaydi. Ularning uzunligi 65–90 santimetr, vazni esa 1 dan 11 kilogrammgacha boʻladi. Moʻynasi kulrang yoki jigarrang tusga ega. Toʻq jigarrang rangdagi, 25 sm uzunlikdagi quyrugʻida 4–6 ta sargʻish halqasi bor. Koʻz atrofi ham qora halqa bilan oʻralgan. Qulogʻi oʻrtacha kattalikda, burni uchli, old panjalaridan esa qoʻl sifatida foydalanadi.

Yenotlar boshpana vazifasini oʻtashi mumkin boʻlgan suv va daraxtlar bor joylarda yashaydi. Ular kechasi ov qilib, loyqa suvda tutadigan ozuqasi asosan qisqichbaqa, shilliqqurt, baliq va qurbaqalardir. Yozda yenotlar yongʻoq, rezavor, meva va yosh makkajoʻxori bilan ham oziqlanadi. Odatda daraxt tanasi yoki ildizidagi kovak ular tugʻiladigan va yil boʻyi yashaydigan uya boʻlib xizmat qiladi. Yenotlar yiliga bir martagina bolalaydi va bir vaqtning oʻzida toʻrt–beshta bolani dunyoga keltiradi. Kuzga kelib, yosh yenotlar mustaqil hayot boshlash uchun yetarlicha ulgʻaygan boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!