20.02.2024
Kishi och boʻlsa va bunda oziq-ovqat zaxirasi cheklangan boʻlsa, u hamma narsani yeyishga qodirdek tuyuladi. Zirhli hayvonlar buning yaxshi isbotidir. Bu jonzotlar qanchalik jirkanch koʻrinishga ega boʻlishiga qaramay, Markaziy va Janubiy Amerikada yashovchilar ularni isteʼmol qilishi maʼlum. Zirhli xuddi usti zirh bilan qoplangan choʻchqaga oʻxshaydi. Uning orqa va yon tomonlari bir-biriga birikkan plastinalardan tashkil topgan muguz zirh bilan qoplangan. Bu plastinalarning mavjudligi oddiy izohlanadi: ular xavf tugʻilganda va dushmanlarning hujumidan himoya qiladi.
Zirhlining ayrim turlari hujumga uchraganda, gʻujanak boʻlib olishi mumkin. Bunday holatda u bir butun zirh koʻrinishini oladi. Ajablanarlisi shundaki, zirhli hayvonlar juda hurkak. Uning koʻrish qobiliyati shunchalik zaifki, u atrofida nima boʻlayotganini tushunishi uchun hid bilish va eshitish qobiliyatiga tayanishga majbur. Zirhlining oyoqlari juda kalta, ammo qoʻrqqanida u tez qochib ketishi mumkin.
Bundan tashqari, qazish uchun juda baquvvat tirnoqlarga ega boʻlib, yerga koʻmilib olishni istasa, u sizning koʻz oʻngingizda yoʻq boʻlib qolishi mumkin. Zirhlining usti odatda sargʻish dogʻli qoramtir-jigarrang, qorni esa oq-sargʻish rangda boʻladi. Ular doim yer qazib, qurgʻoqchil mintaqalarning quruq tuproqlarida qazilgan uyalarda yashaydi. Ayrim zirhli hayvonlar Texasda uchraydi va ularning yashash hududi Argentinaning janubiy hududlariga qadar choʻzilgan.
Voyaga yetgan zirhlining tanasi uzunligi 1 metrga yetadi, quyrugʻi ham deyarli shunday boʻladi. Ammo atigi 13—15 santimetr boʻlgan juda kichiklari ham bor. Uzunligi taxminan ikki metr boʻlgan va ulkan toshbaqaga oʻxshash zirhlining toshqotgan qoldiqlari topilgan. Zirhli hayvonlar tunda hasharot, qurt, ildiz va mevalar bilan oziqlanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.