20.02.2024
Kenguru Yer yuzidagi eng gʻaroyib va qadimiy hayvon turlaridan biridir. Bizga yuz minglab yillar oldin deyarli ot kattaligidagi kenguru turi mavjud boʻlganligi maʼlum. Bugungi kunda uni baʼzan “Kenguru mamlakati” deb ataladigan va gerbida hatto uning tasviri boʻlgan Avstraliyada uchratish mumkin.
Kenguru xaltali hayvonlarning eng mashhuridir. Ona kenguru bolalarini orqa oyoqlari orasida, qorin sohasidagi moʻynali xaltachada olib yuradi va o‘sha yerda boqadi. Kenguru bolalari bu xaltada uzoq vaqt yashaydi. Yangi tugʻilgan kenguru bolasi bir dyuymdan biroz kattaroq, uvoqqina, pushtirang va tuksiz boʻladi. Tugʻilgan zahoti onasi uni xaltaga joylaydi va bola birmuncha vaqt juda ojiz boʻladi. Ammo olti oylik boʻlganida, uning kattaligi kuchukchaday boʻladi. U xaltachadan faqat boshini chiqaradi va doim xaltaning ichida boʻladi.
Onasi daraxt novdalari bilan ovqatlanishga toʻxtaganida, bolasi ham xaltadan boshini chiqarib, barglarni yulib yeydi. Kenguru yurish va yugurishni oʻrganganidan keyin ham, u issiq va xavfsiz xaltada qolishni xush koʻradi. Xavf tugʻilganida onasi uning yoniga sakrab kelib, toʻxtamay turib, labi bilan ilib olib, uni ehtiyotkorlik bilan xaltasiga soladi. Voyaga yetgan kenguruning boʻyi ikki metrgacha yetadi. Uning old oyoqlari kalta, orqa oyoqlari esa juda uzun. Bu baquvvat orqa oyoqlar kenguruning 3 dan 4,5 metrgacha uzoqlikka sakrashiga imkon beradi. Sakrash paytida muvozanatni saqlash va tayanish uchun kenguru katta, uzun dumidan foydalanadi.
Avstraliyada kengurular hosilni yoʻq qilgani uchun ovlanadi. Ularning goʻshti isteʼmol qilinadi, terisidan esa yaxshi, pishiq teri tayyorlanadi. Kenguruning tezligi va yaqinlashib kelayotgan dushmanni uzoqdan payqashga imkon beradigan oʻtkir eshitish qobiliyati uni xavf-xatarlardan himoya qiladi. Kenguru ovchi itlar yordamida ovlanganida, u itni old oyoqlari bilan ushlab, orqa oyogʻining bitta zarbasi bilan oʻldirishi mumkin ekan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.