Fillar qayerdan kelib chiqqan?
Fillar haqida ma'lumot
2 min
Tarix

Ming yillar oldin Yerni qoplagan zich oʻrmonlar bo‘ylab koʻp turdagi bahaybat jonzotlar izgʻib yurgan. Oʻzining mislsiz oʻlchamlariga qaramay, ular iqlim oʻzgarishi va oziq-ovqatning yoʻq boʻlib ketishi bilan birga kelgan qiyinchiliklarga dosh berolmagan. Ikki tur — Afrika va Osiyo fillaridan tashqari barchasi qirilib ketguniga qadar ular birin-ketin halok boʻlgan.

Fillarning oʻtmishdoshi — “mamont” nomi bilan tanilgan ulkan hayvon. Ularning skeletini muzeylarda koʻrish mumkin va bu hayratlanarli manzara. Mamontlarning suyaklari Shimoliy Amerika va Yevropadagi vodiy hamda daryo oʻzanlarida topilmoqda. Uzoq Sibirda ulardan birining muzlab qolgan jasadi topilgan va u shu qadar yaxshi saqlanib qolganki, hatto koʻziga ham zarar yetmagan. Garchi qachonlardir fillar Yer yuzining koʻplab joyida yashagan boʻlsa-da, endi ular asl holida faqatgina Afrika va tropik Osiyoda uchraydi.

Fillar quruqlikdagi hayvonlarning eng kattasi boʻlib, koʻp jihatdan juda ajablanarlidir. Tabiatan ular juda yuvosh, mehribon va aqlli. Ular xonaki itlardan tashqari boshqa barcha hayvonlarga nisbatan oson qoʻlga oʻrgatiladi. Filning bahaybat ustunlarga oʻxshash oyoqlari uning ulkan vaznini koʻtarish uchun juda kerak. Uning dandon tishlari aslida aql bovar qilmaydigan darajada oʻsgan tishlardir. Fil bu tishlarini oziq-ovqat qidirishda ildizlarni qoʻporib chiqarish hamda oʻzini himoya qilish uchun qurol sifatida ishlatadi.

Fil miyasi hayvonning oʻlchamiga nisbatan taqqoslanganda anchagina kichikdir. Bir vaqtning oʻzida qoʻl, burun va lab vazifasini bajaradigan xartumi fil tanasining eng koʻzga koʻringan qismi boʻlib, u burun va yuqori labning davomi hisoblanadi. Xartumda taxminan 40 000 ta mushak boʻlganligi bois, u juda kuchli va egiluvchandir. Xartumning uchi barmoqqa oʻxshash narsa bilan tugaydi va u shunchalik sezgirki, fil uning yordamida hatto mayda toʻgʻnogʻichni ham ilib olishi mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!