20.02.2024
Otlar kabi tarixda muhim oʻrin tutgan hayvonlar kam topiladi. Bu harbiy harakatlar vaqtida ot juda foydali boʻlganligi sababli sodir boʻlgan. Soʻnggi bir necha ming yil ichida koʻchmanchi qabila, zabt etuvchi qoʻshin, ritsar va askarlar oti boʻlmaganida ular qay ahvolda boʻlishini tasavvur qilish qiyin. Otning ajdodlari tarixi millionlab yillarga borib taqaladi. Ammo biz bilgan hayvon — otni kim birinchi boʻlib xonakilashtirgan? Buni aniq aytish imkonsiz.
Biz tarixdan ilgarigi davrlarda odam otdan asosiy oziq-ovqat manbai sifatida foydalanganini bilamiz. Balki bu holat otlardan minish uchun foydalanish haqida oʻylanganidan ancha oldin boʻlgandir…
Otlarning birinchi suratlari ibtidoiy odamlar tomonidan Yevropada taxminan 15 000 yil oldin chizilgan. Bu suratlardagi ot zamonaviy moʻgʻul ponisiga oʻxshaydi. Rasmlarda jilovga oʻxshash narsani ham koʻrish mumkin. Demak, oʻsha paytda ot xonakilashtirilgan boʻlishi mumkin. Biroq otni birinchi boʻlib Oʻrta Osiyo koʻchmanchilari xonakilashtirishgan va ot u yerdan Yevropa va Kichik Osiyoga kelgan boʻlishi mumkin.
Miloddan avvalgi 3000-yil atrofida Bobilda otlar boʻlganini bilamiz. Ot yilnomalar yuritilishi boshlanishidan oldin xonakilashtirilganligi tufayli hozirgi vaqtda har qanday zamonaviy zotning kelib chiqishini aniqlash juda qiyin. Arab aygʻiri otning eng qadimgi va nasldor zotidir. Ular kamida soʻnggi oʻn besh asr davomida yetishtirilmoqda. Arab otlari unchalik katta emas: oyoqlari ingichka va tuyoqlari kichik. Ularning orqasi esa kalta va kuchli. Yuliy Sezar Britaniyaga bostirib kirganida, u yerda otlarni uchratgan. Ehtimol, oʻsha paytda ular bardoshli kichik hayvonlar boʻlgandir.
Keyinchalik ritsarlar davrida katta, kuchli otlar yetishtirilgan va ulardan urushda foydalanilgan. Porox ixtiro qilinganidan soʻng tezlik kuch va oʻlchamlardan koʻra muhimroq boʻlib qolganligi sababli tezkor otlar yetishtirila boshlangan. Ot poygalari ommalashgach, Angliyaga Arab mamlakatlari, Turkiya va Forsdan otlar keltirilgan. Hozirgi zotli otlar bu otlarni chatishtirish natijasida paydo boʻlgan. Aytgancha, naslli otlar kitobiga kirish huquqiga ega boʻlgan har qanday ot zotli hisoblanadi. Angliyada 1791-yildan beri yuritilayotgan bu kitobda otlarning nasl-nasabini 1690-yildan boshlab kuzatish mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.