20.02.2024
Odamzod otni ming yillar davomida minadi. Ammo birinchi marta ot mingan kishi bu butun boshli bir sanʼat ekanini tushunib yetadi. Ot minishni oʻrganish jarayoni yara, shilingan va koʻkargan joylardan iborat. Ravon va nafis harakatlar hamda ot ustida toʻgʻri oʻtirish yaxshi chavandozning asosiy belgilaridir. Erta bolalikdan ot mingan kishida bularning barchasi oʻz-oʻzidan shakllanadi. Gʻarb kovboylari odatda ot minishni juda erta boshlaydi va egarda sapchimay oʻtirishi mumkin.
Egarning turiga qarab otni turlicha minish mumkin. Zamonaviy rodeo egarlari old va orqa tomondan shox yoki baland qoshga ega. Armiya egarining oldi va orqasida oʻrta balandlikdagi qosh bor. Bu egarda oʻtirish vaqtida silkinishlarning oldini olish uchun chavandoz uzangida turib oladi. Chavandozlar ishtirok etadigan tomoshalarda ravon harakatlar uchun ingliz egarlari yoki “pochta markasi” turidagi egarlar ishlatiladi. Bu kichik qoshga ega yengil charm yopinchiq. Bunday egardan faqat yaxshi oʻrgatilgan otlarda foydalanish mumkin.
Har qanday egarda ham chavandoz asosan otning yonini sonlari bilan qisib, oyoqlarini uzangida boʻsh qoʻyadi. Tovon esa otning yon tomonida ushlab turilishi kerak. Jilovlarni chap qoʻlda ushlab, uning chap qayishini jimjiloq va nomsiz barmoq orasiga qistirib, oʻng tarafi esa koʻrsatkich barmoqqa oʻraladi. Ot jilovning oʻng va chap tarafi tortilib yoki oyoq bilan niqtab boshqariladi.
Otni bu usullardan biriga oʻrgatilishi kerak. Otga jilov yoki tizza bilan (burilishi kerak tarafga qarama-qarshi tomondan) burilish yoʻnalishi koʻrsatiladi. Niqtab boshqarish jilovga qaraganda ancha chiroyli usul hisoblanadi. Albatta, otda chiroyli yurishni oʻrganish uchun ancha saboq olish va mashq qilish kerak. Busiz ot minish nafaqat ogʻriqli, balki besoʻnaqay boʻlib koʻrinishi ham mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.