Kit yagona dengiz sutemizuvchisimi?
Sutemizuvchi nima? Kitlar haqida ma'lumot
2 min
Hayvonot olami

Sutemizuvchi bu — issiqqon, bola tugʻadigan va ularni sut bilan boqadigan hayvon. Ajablanarlisi shundaki, dengiz hayvonlari orasida ham bir nechta sutemizuvchi bor. Zoologlar bu guruhni kitsimonlar deb ataydi. Bular — kit, delfin va kashalotlar.

Ularning skelet va tanasining boshqa qismlarini oʻrganish orqali oʻtmishdoshlarining bir vaqtlar quruqlikda yashaganini aytishimiz mumkin. Kitsimonlar suvda yashab, baliqlar bilan bir xil yashash tarzini olib bora boshlaganidan keyin tanasining shakli asta-sekin baliqlarnikiga oʻxshay boshlagan. Bir paytlar ularning tanasini qoplagan yung yoʻqolib, terisi silliqlashgan. Kitsimonlarning asta-sekin yoʻqolib ketgan orqa oyogʻi oʻrniga kuchli yassi dum paydo boʻlgan. Old oyogʻi suzgichlarga aylangan. Nafas olish uchun baliqlarning oyqulogʻi bor, kitlarda esa oʻpka boʻlib, ular havodan nafas oladi. Shu sababli nafas olish uchun har yarim soatda suv yuzasiga suzib chiqishi kerak. Suv ostidan chiqqanda, oʻpkada ushlab turilgan havo chiqib ketadi. U ogʻiz orqali emas, balki burunning yuqori qismidagi burun teshigi orqali chiqariladi. Kitlar ogʻzini ochib suzishi mumkin, chunki ularning burun teshigi toʻgʻridan toʻgʻri nafas olish halqumiga tutashgan.

Shuning uchun ham ogʻziga suv kirganida boʻgʻilmaydi. Dinozavrlar ulkan jonzot boʻlganini bilamiz, lekin hatto eng katta dinozavr ham kitlarning ayrim turlaridan kichikroq boʻlgan. Masalan, sariq qorinli polosatik yer yuzida mavjud boʻlgan barcha hayvonlarning eng kattasi boʻlsa kerak. Baʼzilarining uzunligi 30 metrga yetadi, eng katta dinozavrning uzunligi esa 24 metrdan oshmagan. Bu gigantlarning oʻrtacha vazni 68 tonnani tashkil qiladi. Yangi tugʻilgan kit voyaga yetgan fildan kattaroq. Hayotning birinchi yilida onasi bilan boʻlgan vaqtda uning uzunligi 18 metrga yetadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!