Delfin sutemizuvchilar sinfiga kiradimi?
Nega delfin baliq emas? Delfin haqida ma'lumot, Delfin sutemizuvchilar sinfiga kiradimi?
2 min
Hayvonot olami

Delfin baliq emas, balki sutemizuvchi ekaniga ishonish qiyin. Biroq shunday boʻlsa ham, u maysazorda oʻtlayotgan sigir kabi sutemizuvchidir. Delfin va kitlar kitsimonlar yoki dengiz sutemizuvchilari guruhiga kiradi. Delfin (boshqa kitsimonlar qatorida) va baliqlar oʻrtasida juda koʻp farqlar mavjud. Delfin bolalari boshqa sut emizuvchilar singari sut bilan oziqlanadi. Ular tuxumdan chiqmaydi, balki tirik tugʻiladi. Delfinlarning oyqulogʻi yoʻq va oʻpka orqali nafas oladi.

Agar delfinlarning ichki tuzilishi koʻrib chiqilsa, unda baliqning ichki tuzilishiga hech ham oʻxshamaydigan skelet, qon aylanish tizimi, miya va boshqa aʼzolarni topish mumkin. Yana bir muhim farq — delfinlarda teriosti yogʻi mavjud. Sutemizuvchilar issiqqonli hayvonlar boʻlib, yogʻ ularga sovuq suvda doimiy tana haroratini saqlashga imkon beradi. Oddiy delfinlarning uzunligi taxminan 1,6 metrni tashkil qiladi. Boshining old qismi dumaloq shaklda boʻlib, pastki jagʻi esa biroz turtib chiqib turadi. Delfinning 80—100 ta tishi boʻlgan, katta ogʻzi bor. Delfinlarning ustki qismi va suzgichlari qora yoki kulrang, qorni esa oq rangga ega.

Delfinlar ochiq dengizda emas, balki qirgʻoqqa yaqinroq yashashni afzal koʻradi. Ular Shimoliy Atlantika okeanida yashaydi, ammo Oʻrta dengizda juda kam uchraydi. Delfinlar katta galalarda yashaydi va kemalar ortidan suzib yurishdan zavqlanadi. Janubiy Atlantika va Tinch okeanida yashovchi delfinlarning bir nechta turi bor. Bosh va jagʻning mayin yogʻidan olinadigan delfin yogʻi soat va boshqa aniq asboblarni tayyorlashda moylash vositasi sifatida ishlatiladi. Chunki u juda past haroratlarda ham yopishmaydi va muzlamaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!