20.02.2024
Vaqti-vaqti bilan ayrim joylarda chigirtkalarning (yoki chigirtkasimonlarning) ulkan galasi paydo boʻlib, ekinlarni payhon qiladi. Ular haqida hatto Injilda, Misrning yetti ofati orasida aytib oʻtilgan. Har yili ular dunyoning katta qismidagi hosilga minglab dollar miqdorida zarar yetkazadi.
Chigirtkalarning turi koʻp, lekin ularning barchasi juda oʻxshash. Ular kuchli jagʻ, uch juft oyoq va odatda ikki juft qanotga ega. Birinchi juft qanotlari qattiq va tekis, ikkinchi jufti esa ingichka boʻlib, birinchi juft ostiga buklanib yigʻiladi. Sakrash uchun ishlatiladigan oyoqlarning orqa jufti odatda uzun va yaxshi rivojlangan. Urgʻochi chigirtka qorinchasining uchida tuxum qoʻyadigan aʼzosi bor. Burchakqanotli chigirtkalarda shamshirsimon tuxumdonlari bor.
Chigirtkalarning ayrim turlari tuxumdonlari bilan yerda teshik ochib, u yerga tuxum qoʻyadi va ustini yopishqoq modda bilan qoplaydi. Baʼzi burchakqanotli chigirtkalar tuxum qoʻyish uchun tuxumdonlari bilan oʻsimlik poyasida teshik ochadi, boshqalari esa tuxumlarini barglar ustiga qator qilib teradi. Chigirtkalar ikkita asosiy guruh — uzun va kalta moʻylovlilarga boʻlinadi.
Kalta moʻylovli chigirtkalar baʼzan “sarancha” deb ataladi va ularga oddiy, jigarrang dala chigirtkalari ham kiradi. Ularning moʻylovi va tuxum qoʻyish aʼzosi kalta, oyogʻi uch boʻgʻinli. Ularning “qoʻshiqlari” orqa oyogʻini qanotiga ishqalashi natijasida paydo boʻladi. Qulogʻi esa qorin qismining orqa oyoq birlashgan joyida joylashgan.
Yashil oʻtloq chigirtkalari, sershovqin burchakqanotli chigirtkalar va qanotsiz chigirtkalarni oʻz ichiga olgan uzun moʻylovli chigirtkalar tanasiga qaraganda ancha uzun moʻylovlar va toʻrt boʻgʻinli oyoqqa ega. Faqatgina erkaklari qattiq qanotining asosini bir-biriga ishqalab, “kuylaydi”. Ayrim mamlakatlarda chigirtkalar ovqat sifatida isteʼmol qilinadi, ammo koʻpchilik ulardan xalos boʻlishga harakat qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.