Tarantul zaharlimi?

Hech tarantel raqsiga tushganmisiz yoki kimdir bu raqsni ijro etayotganini koʻrganmisiz? Bu raqsning paydo boʻlishi tarantullar bilan bogʻliq ekanidan xabaringiz bormi? Tarantul bu — serharakat katta va tukli oʻrgimchak. Oʻrta asrlarda tarantul chaqqan odam “tarantizm” bilan kasallanadi deb hisoblangan.

Bu xastalik bilan kasallanganlar gʻamgin va tushkun holatga tushib qoladi deb oʻylashgan. Ularni bu holatdan olib chiqishning yagona yoʻli — charchab, holdan toyib, yiqilib tushgunga qadar musiqa ostida raqsga tushirish boʻlgan. Shundan soʻng ular tuzalib ketadi deb ishonishgan. Bu rivoyat asosida “tarantella” raqsi paydo boʻlgan. Bu surʼat doimiy ravishda oshib boradigan juda tez italyan raqsidir. Tarantul chaqishi hasharot va mayda hayvonlar uchun halokatli boʻlsa-da, uning odamlar uchun xavfli ekani haqida hech qanday dalil yoʻq.

Ammo odamlar tarantulga duch kelganida hali ham qoʻrqadi. Haqiqiy tarantullarni faqat Yevropaning janubida uchratish mumkin va ularning nomi Italiyaning Taranto shahri sharafiga qoʻyilgan. Tukli tanasining uzunligi taxminan toʻrtdan uch dyuymga teng. Ayrim turdagi oʻrgimchaklar singari ular ham toʻr toʻqimaydi. Buning oʻrniga chuqur uyalar kovlab, uni oʻzi ishlab chiqaradigan modda bilan toʻldiradi. Qishda bu oʻrgimchaklar kirish joyi toʻrga oʻralgan, oʻt uyumi bilan yopilgan oʻz uyalarida berkinib, koʻklamgacha uxlaydi.

Tarantullar oʻljasini yoʻlbarslar kabi poylab turadi. Ular barglar, qoldiqlar orasida yoki uyasida yashirinadi. Yaqin atrofda birorta hasharot paydo boʻlganda, uni quvib ushlaydi va chaqib uyasiga sudrab olib ketadi. Chaqish hasharotni oʻldiradi yoki falaj qiladi. Keyin oʻrgimchak u bilan boʻsh vaqtida ovqatlanadi. Tarantul oʻljasini chaynamaydi yoki yutmaydi. U qon va barcha hayotbaxsh sharbatlarni soʻrib oladi. Lekin tarantul oʻz avlodiga juda gʻamxoʻr. U pillalarni uyasida saqlaydi, tashqariga chiqqanida esa oʻzi bilan olib ketadi. Kichik tarantullar dunyoga kelganida, ular taxminan bir hafta davomida onasining ortiga minib yuradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!