Barcha chivinlar kasallik tarqatadimi?

Tabiat qoʻyniga sayrga yoki aylanishga borganingizda toʻsatdan bulutdek yopirilib kelgan chivinlar oromingizni buzib, taʼbingizni xira qilganmi? Bu mayda jonzotlar nafaqat dam olishga xalaqit qiladi, balki betinim “hujumlari” bilan insonni shoʻrpeshana his qilishga majbur qiladi. Uzoq vaqt davomida chivinlarga shunchaki bezovta qiluvchi narsa sifatida qaralgan. Ammo oʻtgan asr oxiriga kelib, ularning xavfli ekanini anglay boshladik.

Ayrim olimlar chivinlarni kasallik tarqatishda gumon qila boshladi, ammo ularda aniq dalillar yoʻq edi. Soʻngra chivinlarning ayrim turlari fil kasalligi — dahshatli tropik kasallikni keltirib chiqaradigan qurtlarni, boshqalari esa malyariya va sariq bezgakni tarqatishi isbotlandi. Bu kashfiyotlar natijasida olimlar chivinlarni oʻrganish bilan jiddiy shugʻullana boshladi. Ular chivinlarning turini tavsiflab, hayoti haqida hamma narsani oʻrganib, kuzatish usullarini ishlab chiqdi. Masalan, bugungi kunda chivinlarning mingga yaqin turi borligini bilamiz. Chivinlar butun dunyoda keng tarqalgan boʻlsa-da, baʼzi turlarni istalgan joyda uchratish, boshqalariga esa faqat muayyan hududlarda duch kelish mumkin.

Ulardan biri anofeles va unga yaqin turlar boʻlib, ular bezgak tashuvchisi sifatida tanilgan. Anofelesning qanotida qora dogʻlar bor. Tinch holatda uning boshi quyi solingan boʻlib, xartumchasi va tanasi toʻgʻri chiziq hosil qiladi.

Chivinning katta xavf tugʻdiradigan yana bir turi mavjud. Bu sariq bezgakni tarqatadigan aedes. Bu chivinning oyog‘i atrofida, shuningdek, orqa tomonida koʻndalang oq chiziqlari bor. Tinch holatda uning xartumchasi tanaga burchak ostida boʻladi. Yaxshisi, chivinlarga duch kelishdan saqlangan maʼqul. Botqoqlarni muntazam ravishda quritish va insektitsidlardan foydalanish bu zararli hasharotlarga qarshi kurashishda yordam beradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!