20.02.2024
Qushlarning uchib oʻtishi qadim zamonlardan beri inson aqlini hayratda qoldirgan. Bu haqda Gomer miloddan avvalgi 1000-yilda yozganini, Injilda aytib oʻtilganini, qadimgi buyuk yunon faylasufi Aristotel bu masalani oʻrganganini bilasizmi? Shunga qaramay, koʻp ming yillar oʻtgach ham biz haligacha ushbu ajoyib hodisa — qushlarning koʻchishi haqidagi savolga toʻliq javob bera olmaymiz.
Koʻchish deganda qushlarning kuzda janubga va bahorda shimolga harakatlanishini, tekisliklardan baland togʻlarga yoki materik ichkarisidan dengiz sohiliga oʻtishini nazarda tutamiz. Biz qushlarning koʻchish sabablarini yaxshi tushunamiz. Masalan, koʻpchiligi qish sharoitida omon qololmasligi sababli iliq oʻlkalarga koʻchib oʻtadi. Ayrim turdagi hasharot yoki mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadigan qushlar esa qishda ozuqa topolmaydi. Ajablanarlisi shundaki, koʻchish sababi faqatgina harorat emas.
Yetarlicha ozuqasi boʻlgan kanareyka, -45 °C gacha sovuqda omon qolishi mumkinligini bilasizmi? Koʻchish sabablari (ular esa koʻp) qanday boʻlishidan qat’iy nazar, qushlar uzoq davom etadigan parvoz vaqti kelganini qayerdan biladi? Maʼlumki, ular har yili fasllar oʻzgarganida bir xil vaqtda uchib ketadi. Buni aniqlashning eng toʻgʻri va bexato belgisi nima? Kunning uzunligi!
Qushlar kunlar qachon qisqarishini (yoki bahorda uzayishini) aniqlay oladi va bu ularga parvozni boshlash uchun signal boʻlib xizmat qiladi deb hisoblanadi. Qushlarning yozda koʻpayishi ham koʻchib oʻtish bilan bogʻliq. Faqat bu holatda soʻz — shimolga uchish haqida. Qush tanasidagi baʼzi bezlar koʻpayish bilan bogʻliq moddalarni ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu bahorda sodir boʻladi. Qush koʻpayish ehtiyojini sezib, yoz keladigan shimol tomonga harakatlanadi.
Shunday qilib, kun uzunligi va ozuqaning gʻoyib boʻlishi qushga iliq oʻlkalarga parvoz qilish vaqti kelganini bildiradi. Bahordagi nasl qoldirish instinkti esa shimolga uchish vaqti kelganini xabar qiladi. Albatta, boshqa omillar ham bor va biz hali hammasini ham toʻliq bilmaymiz. Biroq sanab oʻtilganlar qushlarning parvozi sirini ochishda asosiy kalit ekani shubhasiz.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.