20.02.2024
Yozning oxirida dunyoning turli burchaklaridagi koʻplab qushlar oʻz joyini tark etib, qishlash uchun janubga uchadi. Baʼzan ular minglab kilometr masofada joylashgan boshqa qitʼalarga yoʻl oladi. Bahorda aynan shu qushlar nafaqat oʻsha mamlakatga, balki koʻpincha oʻsha yerdagi oʻzining uyasiga qaytib keladi. Ular yoʻlni qanday qilib topadi? Bu savolga javob topish uchun koʻplab qiziqarli tajribalar oʻtkazildi.
Bu tajribalarning birida bir guruh laylaklar kuzgi parvoz vaqti boshlanishidan biroz oldin uyasidan olinib, boshqa joyga koʻchirilgan. Qishlash joyiga yetib borish uchun laylaklarga bu yangi joydan boshqa yoʻnalish boʻyicha uchishiga toʻgʻri kelgan. Ammo qaytish vaqti kelganda, ular oldin eski joyidan uchib kelgan yoʻnalishda uchgan. Aftidan, ular qish yaqinlashganda maʼlum bir yoʻnalishda uchish kerakligini aytadigan tugʻma instinktga ega. Qushlarning oʻz uyasiga yoʻl topish qobiliyati ham xuddi shunday hayratlanarli. Qushlar samolyotda oʻz joyidan 400 mil uzoqlikka olib ketilgan. Qoʻyib yuborilganda esa ular oʻz joyiga qaytib kelgan.
Agar shunchaki instinkt uyasiga boʻlgan yoʻlni koʻrsatadi deb hisoblasak, bu sirni izohlab berolmaydi. Ular yoʻlni qanday topadi? Bizga yosh qushlar ota-onasidan geografiya saboqlarini olmasligi, chunki ularning oʻzi ham birinchi marta uzoqqa parvoz qilishi maʼlum. Uyasiga qaytayotgan qushlar koʻpincha tunda uchadi, shuning uchun ularga yordam beradigan oriyentirlarni koʻrolmaydi. Baʼzi qushlar suv ustida uchadi, u yerda esa hech qanday oriyentir yoʻq. Gipotezalardan biriga koʻra, qushlar Yerni oʻrab turgan magnit maydonlarni his qilishi mumkin. Magnit chiziqlari shimoliy magnit qutbidan janubdagiga qarab joylashgan. Ehtimol, aynan shu chiziqlar qushlar uchun yoʻl koʻrsatuvchi boʻlib xizmat qilar. Ammo bu nazariya hech qanday dalillar keltirolmadi.
Ilm-fan qushlarning parvoz paytida qanday yoʻl topishi yoki oʻz joyini qanday qidirib topishiga toʻla-toʻkis izoh berolmaydi. Qushlarning koʻchib oʻtishi bilan bogʻliq bitta qiziqarli tarixiy fakt mavjud. Kolumb Amerika qitʼasiga yaqinlashganida, janubi-gʻarbiy yoʻnalishda uchib ketayotgan qushlarning katta galalarini koʻrgan. Bu esa yer yaqin atrofda ekanligini anglatgani uchun u yoʻnalishni oʻzgartirib, qushlar uchib ketgan janubi-gʻarbiy tomonga yoʻl olgan. Shu sababli u Florida qirgʻoqlari oʻrniga Bagama orollariga borib qolgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.