20.02.2024
Toʻtiqush mavjud qushlarning eng qadimgi turlaridan biridir. Tarixdan ilgarigi davrlarga oid toʻtiqushlarning toshqotgan qoldiqlari topilgan boʻlib, ular orqali mazkur qushlarning ming yillar davomida oʻzgarmaganligini koʻrish mumkin. Hozirgi vaqtda toʻtiqushlarning 600 dan ortiq turi mavjud boʻlib, ularning yashash hududi asosan tropiklar bilan cheklangan. Ular Janubiy Osiyo, Shimoliy Afrika, Avstraliya va Malay orollarida keng tarqalgan.
Toʻtiqushlar juda bardoshli va koʻpincha uzoq umr koʻradi. Ular har qanday yashash sharoitlariga osongina moslashadi. Bu dengizchilar toʻtiqushlarni har doim hamroh sifatida olib yurishining sabablaridan biridir. Bu qushlar yorqin rangga ega va juda ajoyib. Agarda u gapirishni bilsa, atrofdagilarning kayfiyatini ancha chogʻ ham qiladi. Toʻtiqush tropik qush boʻlsa-da, u tutqunlikka oson koʻnikadi va hatto sovuq iqlim sharoitida ham oʻzini yaxshi his qiladi. Vatanida toʻtiqushlar oʻrmonlarda katta galalar boʻlib yashashni afzal koʻradi. Toʻtiqushlar juda jasur va sodiq qushlar ekanligi hammaga maʼlum. Xavf paydo boʻlganda butun gala birlashib, bu tahdidga qarshi birgalikda kurashadi.
Toʻtiqushlar vegetarian boʻlib, meva, yumshoq kurtaklar, palma yongʻogʻi va anjir bilan oziqlanadi. Ozuqa qidirganda ular maymunlar singari shoxdan shoxga sakrab oʻtadi. Shoxlar boʻylab harakatlanish uchun tumshugʻi va panjalaridan foydalangani uchun ular buni oson eplaydi. Agar toʻtiqushning ovqatlanishini koʻrgan boʻlsangiz, u baʼzida qoʻl sifatida panjasini ishlatganini payqagansiz!
U tanlangan ovqat boʻlagini tirnoqlari bilan ushlab, undan lazzatlanib oʻtiradi. Toʻtiqush uyasini daraxt kovagiga quradi. Ularning tuxumi doim oq rangga ega. Toʻtiqushlar joʻjalariga juda gʻamxoʻr va baʼzida ozuqa qidirib, katta masofani bosib oʻtadi. Toʻtiqushlar yurishni yoqtirmaydi, lekin ular tirmashib chiqish va uchishni qoyilmaqom bajaradi. Barcha toʻtiqushlar orasida eng qobiliyatli “gapdon” bu — kulrang Afrika toʻtiqushi boʻlib, shu bilan birga u eng aqlli qushlardan biri hamdir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.