Bulbul faqat tunda sayraydimi?

Shoirlar birorta ham qushga bulbul kabi koʻp satrlarni bagʻishlamagan. Uning sayrashi eng chiroyli deb hisoblanadi va uni hali hech kim koʻngildagidek tasvirlay olmagan. Aytgancha, buni amalga oshirishga birinchi boʻlib qadimgi yunon dramaturgi Aristofan urinib koʻrgan. Shoirlarga ishonadigan boʻlsak, bulbul yilning deyarli istalgan vaqtida, faqat tunda sayraydi. Aslida esa unday emas. 

Bulbul koʻchmanchi qushlarga mansub va, masalan, Angliyada uning sayrashini faqat aprelning oʻrtalaridan boshlab, iyunning oʻrtalariga qadar eshitish mumkin. Bulbul Irlandiya, Uels yoki Shotlandiyaga uchib bormaydi.

Bulbullar asosan kontinental Yevropaning janubida juda koʻp va ular Eron, Saudiya Arabistoni, Efiopiya, Jazoir va Gʻarbiy Afrikadagi Ganagacha yetib boradi. Bulbullarning faqatgina erkagi sayraydi. Uning kuyi yaqin atrofdagi buta yoki daraxtda ovoz bermasdan jim oʻtirgan urgʻochi juftining koʻnglini olish uchun kuylangan “dil izhori”dir. Bulbul sayrashini kunduzi ham, kechasi ham eshitish mumkin. Ammo bu kunduzi boshqa qushlarning shovqini tufayli unchalik eshitilmaydi. Bulbul joʻjalari tuxumdan ochib chiqqunga qadar sayraydi. Keyin dushmanlarini uyaga jalb qilmaslik uchun jim boʻladi. U har doim hushyor boʻlib, qisqa sadolar bilan juftiga hammasi yaxshi ekani yoki yaqinlashayotgan xavf haqida ogohlantiruvchi xabarni beradi. Bulbul eng chiroyli sayraydigan qush boʻlsa-da, uning patlari juda koʻrimsiz. Erkagi va urgʻochisi bir-biriga juda oʻxshash boʻlib, orqasi qizgʻish-jigarrang, qorinchasi esa xira kulrang-oqish rangda.

Bulbul uyasi biroz gʻayrioddiy koʻrinishga ega. U toʻgʻridan toʻgʻri yerda yoki undan biroz balandda joylashgan boʻladi. Tashqi tomondan uya vertikal ravishda oʻrnatilgan barglardan iborat. Bu inshootning oʻrtasida kosa shaklidagi chuqurcha boʻlib, u oʻsimlik ildizlarining tolalari bilan qoplangan boʻladi. U omonat qurilgan boʻlib, kuchsiz nogoh harakat natijasida vayron boʻlishi mumkin. Unda zaytunrang tusli toʻrttadan oltitagacha tuxum boʻladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!