20.02.2024
Ming yillar davomida boyqush odamlar tomonidan alohida ahamiyat beriladigan mavjudot boʻlib kelgan. Oʻxshashi yoʻq qichqirigʻi tufayli ibtidoiy odamlarda boyqush bilan bogʻliq koʻplab xurofotlar boʻlgan. Yevropaning koʻplab mamlakatlarida boyqush qichqirigʻi oʻlim daragi hisoblangan. Qadimgi Yunonistonda esa boyqush donishmandlik ramzi boʻlgan. Butun dunyoda boyqushlarning har xil turi uchraydi. Sovuq qutb mintaqalaridagi boyoʻgʻlining patlari atrof-muhit bilan uygʻunlashib, dushmanlaridan panoh topishga yordam beradigan, qordek oppoq rangda boʻladi. Texasning qayerlaridadir chigirtka va qoʻngʻizlar bilan oziqlanadigan, chumchuqdan unchalik katta boʻlmagan boyqushlar ham uchraydi.
Boyqush bu — tunda chinakam jonlanadigan qush boʻlib, undagi hamma narsa aynan shu hayot tarziga moslashgan. Birinchisi, boyqushning qichqirigʻi. U qichqirigʻi bilan yaqin atrofdagi barcha jonzotlarni qoʻrqitadi. Agar ular harakat qilsa yoki shitirlagan tovush chiqarsa, boyqush sezgir quloqlari bilan buni darhol eshitadi. Boyqushning tashqi klapanga ega qulog‘i uni boshqa qushlardan ajratib turadi. Ayrim boyqushlarning qulog‘i yonida pati karnaysimon ochilgan boʻlib, bu ularga yaxshiroq eshitishga yordam beradi. Boyqush oʻljasini qoʻrqitib, uning harakatini eshitgach, hatto qorongʻida ham koʻrishi mumkin. Ushbu ajoyib qobiliyatning ikkita izohi bor. Boyqushning koʻz soqqalari juda elastik va ularni birzumda istalgan masofaga fokuslashi mumkin. Boyqush koʻz qorachigʻi juda keng ochiladi va bu unga kuchsiz tungi yorugʻlikdan toʻliq foydalanishga imkon beradi.
Boyqush koʻzining oʻzgacha joylashuvi tufayli u qarash yoʻnalishini oʻzgartirishi uchun boshini toʻliq burishi kerak. Hatto boyqushnng patlari ham unga oʻljasini ovlashda yordam beradi. Uning patlari shunchalik mayinki, u butunlay tovushsiz uchib kelib, oʻljasiga toʻsatdan tashlanishi mumkin. Boyqushlarning ayrim turlari kalamush, hasharot va boshqa zararkunandalarni qirib, fermerlarga katta foyda keltiradi. Ammo tovuq va boshqa parrandalarni afzal koʻradigan boshqa boyqushlar ham bor va ular fermerlarga katta zarar yetkazadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.