Tukan qanday qush?

Tukan — tashqi koʻrinishi eng gʻalati qushlardan biri. Darhaqiqat, bu tabiatning gʻaroyibotlaridan biridir. Birinchidan, tukanning ulkan tumshugʻi uning boshidan ham kattaroq. Baʼzi tukanlarning tumshugʻi butun tanasi uzunligining uchdan bir qismiga teng. Shakli yirik qisqichbaqa changaliga oʻxshagan tumshugʻi yorqin ranglarga boʻyalgan. Agar tukanni koʻrgan boʻlsangiz, u bunday tumshugʻi bilan qanday qilib muvozanat saqlashidan hayratlangandirsiz?

Javob oddiy: bu tumshuq oʻz oʻlchamiga nisbatan juda yengil. Tashqi tomoni qogʻozdan qalin boʻlmagan qoplamaga ega tumshuq ichkaridan sergʻovak suyak bilan mustahkamlangan. Uning asosi qushning boshi kattaligiga teng. Tumshuq chetlari boʻylab kertiklar bor. Tukanning tili ham gʻayrioddiy. U yassi boʻlib, qirralarida tishchalari bor va patga oʻxshaydi. Tukanning yana bir xususiyati — quyrugʻining tanaga oʻzgacha birikishi. Quyrugʻi xuddi sharnir (oshiq-moshiq) bilan biriktirilganga oʻxshaydi. Tukan dumini keskin tortib, orqasidan ham yuqoriga koʻtarishi mumkin. Tukan bu — Amerika tropiklarining qushi boʻlib, u asalxoʻr qush, boltayutar, barbet va qizilishton bilan bir turkumga mansub.

Tukanning 37 turi mavjud boʻlib, eng kattasining uzunligi taxminan 60 santimetrga yetadi. Uning ishtahasi qariyb tumshugʻining oʻlchamiga mos keladi. Deyarli hamma narsa va turli xil ovqatlarni yeydi. Oʻzi yashaydigan oʻrmonda u birdek ochkoʻzlik bilan meva, tuxum yoki kichikroq qushlarning joʻjalarini paqqos tushiradi. Ovqatlanayotganida ulkan tumshugʻi bilan zirillagan tovush chiqaradi. Qichqirigʻi esa oʻtkir va yoqimsiz. Tukanlar Markaziy va Janubiy Amerika oʻrmon changalzorlarida kichikroq gala boʻlib yashaydi. Ularning turmush tarzi haqida unchalik koʻp maʼlumot yoʻq, lekin uyalarini daraxt kovagida quradi deb hisoblanadi. Tukanni qoʻlga oʻrgatish mumkin va tutqunlikda oʻzini yaxshi his qiladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!