20.02.2024
Qoʻshma Shtatlarda baliqxoʻrni “baliqchi qirgʻiy” deb atashadi. Mazkur nom baliqxoʻr qushning turmush tarziga juda mos keladi. U gʻayrioddiy oʻtkir nazari bilan oʻljasini darhol topadi. Baliqxoʻr suvdagi oʻljasini qidirib, 15 dan 75 metrgacha balandlikda uchadi va toʻsatdan suv yuzasiga yaqin joyda baliqni koʻradi.
Aytgancha, baliqning rangi shu qadar neytralki, qirgʻoqdagi odam uni hatto payqamaydi ham. Ammo qirgʻiy uni koʻradi va suzib yurgan oʻljasini tirnoqlari bilan changallash uchun pastga shoʻngʻiydi. Keyin bamaylixotir tamaddi qilish uchun uni bironta daraxt uchiga olib ketadi. Ov paytida baliqxoʻr odatda tanlangan hudud boʻylab turli yoʻnalishlarda shoshmay qanot qoqib, vaqti-vaqti bilan esa qanotlarini kerib parvoz qiladi. Uning pastga shoʻngʻishi toʻsatdan va aniq boʻladi. Qush suvni kuchli chayqatib, deyarli suv ostiga kirib ketadi. Ammo u suv qushi boʻlmagani uchun chuqur shoʻngʻimaydi.
Baliqxoʻrning uzunligi taxminan 60 santimetr, qanoti esa taxminan 1,5 metrni tashkil qiladi. U kalta va ilgaksimon tumshugʻidan oʻljasini ilib olish yoki ushlab turish uchun foydalanmaydi. Bu vazifani kuchli panjalari va tirnoqlari bajaradi. Baliqxoʻrning boshi, boʻyni va qorni qordek oppoq rangda boʻlib, boshidagi qora dogʻlar yoki chiziqlar bundan mustasno. Orqasi va qanotlari toʻq jigarrangda. Baliqxoʻrning faqat bir turi mavjud. U Shimoliy yarimsharda, shuningdek, Malay yarimoroli, Avstraliya va Kaledoniyada yashaydi. Baliqxoʻrning yagona ozuqasi tirik baliq boʻlgani uchun u doimo suv yaqinida yashaydi.
Baliqxoʻr turmush tarzining oʻziga xos xususiyatlaridan biri — u quradigan ulkan va xunuk uyadir. U uyasini yashirishga urinmaydi va har yili eski uyaga yangi material qoʻshadi. Vaqt oʻtishi bilan chiviqcha, mayda novda, qaragʻay poʻstlogʻi va ignalari uyumi toʻplanadi. Natijada chuqurligi 1,8 metrgacha va ogʻirligi 315 dan 450 kilogrammgacha boʻlgan uya hosil boʻladi. U baland qaragʻayning tepasida, qumli plyajda yoki biron-bir ayvon tomida mutlaqo oshkora holda joylashgan boʻlishi mumkin. U har doim turli xil materiallardan quriladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.